O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va Sport ishlari vazirligi, Respublika Xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi, Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamg‘armasi fondi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy kengashi kabi bir qator tashabbuskorlar tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan Lapar va o‘lan ijrochilarining navbatdagi Mustahkam oila yiliga bag‘ishlab o‘tkazilgan 2012-yilgi ko‘rik-festivali 10-avgust kuni o‘z nihoyasiga yetdi.

Ro‘molim uchginasi
Pistaning puchginasi
Buncha shirin bo‘libdi-e
Oshimni kichkinasi
Ja-hidi, Hi-idi, hashsha,
Ba-hidi, Hi-idi, hashsha.

Bizning hovli keng hovli
Qizlar to‘qiydi chovli
O‘ynaganing kulganinging-e
Ota-onangning davri
Ja-hidi, Hi-idi, hashsha,
Ba-hidi, Hi-idi, hashsha.

Laparning ushbu o‘zgacha naqorat qatorlari Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ning yozgi estrada maydonchasiga festivalning yakuniy bosqichiga yig‘ilganlarni yanada qiziqtirib qo‘ydi. Lapar va o‘lan ijrochilarining an’anaviy Respublika ko‘rik-festivali nizomida ta’kidlanganidek, xalq ijodiyoti va havaskorlik san’atini rivojlantirish, nomoddiy madaniy meros durdonalaridan bo‘lgan qadimgi xalq qo‘shiqlarini izlab topish, lapar va o‘lan san’ati bo‘yicha ijodiy faoliyat olib borayotgan, nomlari hali ko‘pchilikka tanish bo‘lmagan iqtidorlarni aniqlash hamda ularning yutuqlarini keng targ‘ib etish ko‘rik festivalining asosiy maqsadidir. Navbatdagi festival, tabiiyki, ko‘plab yosh iqtirodor egalari uchun mahoratlarini keng omma oldida namoyish qilish va shu qobiliyatlarini baholanishi uchun qulay imkoniyat bo‘ldi.

Ko‘pchilikka manzur bo‘lgan yuqoridagi lapar so‘zlari Zominlik Sayyora opa To‘rayevaning ijrosida yanada mukammallik kasb etdi. “Jahida” deb nomlanuvchi ushbu qo‘shiqni qadimda momolarimiz charx yigiraturib aytishgan. Ijrochining so‘zlariga ko‘ra, o‘pkamizga havoni to‘ldirib, jahida so‘zining har bir bo‘g‘inida o‘sha havoni qism-qism qilib chiqaramiz. Bu, birinchidan, qon aylanish sistemasini yaxshilaydi. Ikkinchidan, Ja-hidi deganimizda hiqillagan kabi ovoz chiqarilgani uchun ham qizlar otasining uyiga borganda nima olsam ekan deb hiqillab turgandagi holatini ham eslatishini ta’kdlab o‘tdilar Sayyora opa. Aslida maktabda musiqa fanidan dars beruvchi ushbu qahramonimiz Jizzax viloyatining o‘zida shu turdagi qo‘shiqlarning sakkiz xilini aniqlab o‘rganishga muvaffaq bo‘lgan.

“Bu kabi qo‘shiqlar asosan charx yigirayotganda aytilgan. Buning bir qancha turlari bor. Jahida hiqida umora. Jahida hiqiqda hiqqa deb ham aytiladi. Zominda hozircha sakkizta turini aniqladik. Hammasi o‘ziga xos. Keyin bularni uyg‘unlashtirib, jahida hiqida umora, jahida hiqida byu-byu deb umumlshtrib aytilgan”.

Lapar va o‘lanning ko‘zga ko‘rinarli farqi haqida so‘z ketganda, lapar bilan yoshlikdagi xotiralar esga kelaveradi. O‘lan musiqasiz aytilgani ma’qul. To‘lqin-to‘lqin bo‘lsa-da, oxirida hamma kuch birdaniga yuqoriga ko‘tarilish bilan tugaydi.

Milliy qo‘shiqlarimizni saqlash borasida qilgan xizmatlari uchun “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan taniqli o‘lan ijrochisi Turdiali Pardayevning esa ushbu ikki qo‘shiq turi bo‘yicha fikrlari quyidagicha bo‘ldi:

“Laparda ko‘proq o‘ynoqilik bor. O‘lan shunaqa janrki, oqunchilik kabi. Avvallari marosimlarda polvon chiqsa, botirga da’vogar bormi deganda, mana men deb mardi chiqishgan. Bu dahanaki jang. Bu ham polvonlik, so‘z o‘yini, faqat baytbozlik bilan. Ota-bobolarimiz davrida, xonlik davrlarida ham chiroyli iliq so‘zlar bilan baytlar orqali she’riy mulozamatlar bo‘lgan. Prezidentimiz tashabbuslari bilan nomoddiy merosga berilayotgan etibor tufayli bu an’ana kamol topib kelyapti.”

20 yildan beri o‘lanchilik san’ati bilan shug‘ullanib kelayotgan Turdiali aka Pardayevning ushbu san’atning muxlisi bo‘lishiga otalari sabachi bo‘lganlar. Aytishlaricha, o‘lanchilikning asl namunalari Qurama tog‘lari yonbag‘rlarida istiqomat qiluvchilar orasida sofligicha va ko‘proq saqlanib qolgan ekan (to‘ylarda hali ham keksa momolar guruh bo‘lib o‘lanchilik qilishadi). Otalarining so‘zlariga amal qilgan Turdiali aka shu o‘lanlarni asl holida saqlab qolishdek ishga 1995-yilda bel bog‘lab shu vaqtgacha bu boradagi xizmatlari orqali bir qator mukofotlar sohibi bo‘lishga muyassar bo‘lganlar.

Mukammal o‘lan ijrochisi Turdiali aka bugunning farzandlarining iqtidori yuksak ekanligini misollar bilan isbotlab berdilar. Jumladan, avvallari o‘lan aytishga chiqadigan shogirdga bu gap aytilganda mana bunday javob qaytarasan deb o‘rgatilgan. Hozir esa yosh shogirdlarda yetarli saviya va iqtidor mavjudligini ko‘rishimiz mumkinki, ular biror oxun bilan to‘satdan boshlanadigan aytishuvga ham javob topib bera olishadi. Ijodkorning o‘zi ham festival davomida shunday vaziyatda qoldi. Ya’ni Qulmixon Oxun degan qozoq oxuni o‘langa aytishuvga da’vogarlikka chaqirganda, o‘lanchi ijodkor Turdiali Pardayev bilan qizg‘in avvaldan rejalashtirilmagan bir chiroyli chiqishni namoyish qilib berishdi; hazil-mutoyiba qo‘shib, sahnada turib aytishuv olib borishdi.

Aslida o‘lanning qoidasiga ko‘ra, agar ikkala ijrochidan birortasi javob topa olmay qolsa, qo‘lini ko‘tarib taslim bo‘lganini bildirib chiqib ketishi kerak. Lekin ikkala ijrochining ham qobiliyatlari teng ekan, tadbir so‘nggida ikkala o‘lan ijrochisi ham birinchi o‘ringa loyiq deb topildi. Bundan tashqari, xorazmlik lapar ijrochilari Muhabbat Otaboyeva va Zulxumor Norboyevalar ham birinchi o‘rin bilan taqdirlandilar.

Asosiy suratda: Sirdaryolik ishtirokchilar o‘z chiqishini kutmoqda.

Foto


Turdiali Pardayev (1-o‘rin sohibi).


Qulmixon Duysenov (1-o‘rin sohibi).


Festival ishtirokchisi Nazokat Rahmonova (Qumqo‘rg‘on tumani).


Xorazmlik ishtirokchilar (1-o‘rin sohiblari).

Suratlar muallifi: Husniddin Ato.