Ikki karra jahon chempioni Rishod Sobirov Londonda boshlangan XXX yozgi Olimpiada o‘yinlarida yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Og‘irlik vazni 60 kilogrammgacha bo‘lgan dzyudochilar o‘rtasidagi musobaqada (suratda) Rishod Sobirov dastlabki bellashuvda “Pekin-2008” Olimpiada o‘yinlarining kumush medal sovrindori Lyudvig Paisherni (Avstriya), chorak finalga beriladigan yo‘llanma uchun kechgan kurashda Xavyer Guedesni (Venesuela) hamda yarim final yo‘llanmasi uchun kechgan bellashuvda Felippe Kitadaini (Braziliya) muddatdan avval “ippon” bahosi bilan mag‘lubiyatga uchratib, Olmpiada medallari uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi.

Hal qiluvchi final bahsiga beriladigan yo‘llanma uchun Rishod Sobirov rossiyalik Arsen Galstyan bilan bellashadi. Rossiyalik sportchi yarim finalga qadar marokashlik Yann Sukkardi va koreyalik Gvang-Hen Choyni yengishga muvaffaq bo‘ldi.