Ramazon oyi islom olami va musulmonlar hayotida o‘ziga xos nufuzga ega. Butun musulmon olami uni intiqib kutadi, munosib o‘tkazishga harakat qiladi.

Barcha mahallalar, qishloq va ovullarda istiqomat qiluvchilar muborak Ramazon oyining futuhi, barakasidan bahramand bo‘lishga intiladi. Barcha masjidlarda taroveh namozlari, xatmi Qur’on marosimlari o‘tkaziladi.

O‘zbekistonda ham ushbu ulug‘ va muqaddas oyning kirib kelishidan oldin bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda, deyiladi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati xabarida.

17-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish” to‘g‘risidagi qarori e’lon qilindi. Ushbu qaror jamiyatimiz o‘z diniy va milliy qadriyatlarga sodiq, ularni asrab-avaylab kelajak avlodga omonat sifatida etkazib borayotganining yana bir yorqin dalilidir.

Bu yil muborak Ramazon oyining birinchi kuni 20-iyulga to‘g‘ri kelayotgani munosabati bilan 19-iyuldan boshlab respublikaning barcha 2037 jome’ masjidlarida taroveh namozlari o‘qiladi, ulardan 733 tasida xatmi Qur’on qilinadi.

Namozxonlarning xavfsiz va xotirjam ibodat qilishlari uchun taroveh namozlari o‘qiladigan barcha jome’ masjidlarda posbonlar xavfsizlikni ta’minlaydi.

Hozirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovning ko‘rsatmasi hamda fuqarolarning tashabbuslari bilan barcha masjidlarda va masjidlarga yaqin joylar, muqaddas qadamjo, ziyoratgoh va qabristonlarda obodonlashtirish ishlari olib borilyapti.