Londonda bo‘ladigan XXX yozgi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston sport delegatsiyasi a’zolari an’anaga muvofiq mamlakatimiz bosh maydonidagi Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydilar.

27-iyuldan 12-avgustgacha London mezbonlik qiladigan Olimpiya o‘yinlariga 60 nafardan ziyod sportchimiz yo‘llanma olgan. Atletlarimiz Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan badiiy gimnastika, sport gimnastikasi, trampolin, velosport, suzish, yengil atletika, og‘ir atletika, baydarka va kanoeda eshkak eshish, boks, dzyudo, taekvondo, erkin va yunon-rum kurashi, tennis, qilichbozlik, o‘q otish kabi sport turlari bo‘yicha maydonga chiqadi.

Olimpiadada ishtirok etadigan sportchilar orasida Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlari g‘olib va sovrindorlari bo‘lgan tajribali sportchilar bilan bir qatorda ushbu musobaqada ilk marotaba ishtirok etadigan yosh iqtidor egalari ham ko‘p.

“Olimpiya o‘yinlarida jonajon Vatanimiz — O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib, madhiyamizni yangratish biz, sportchilar uchun yuksak sharafdir. Chunki, o‘z taqdirini mana shu Vatan taqdiri bilan mushtarak ko‘rish — shu yurtning har bir farzandi uchun katta baxt, — deydi boks bo‘yicha ikki karra jahon chempioni Abbos Atoyev. — Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘yish asnosida xalqaro maydonlarda erishayotgan barcha yutuqlarimiz istiqlol tufayli ekanini yana bir bor chuqur his etdik va ushbu muazzam maydonda turib London Olimpiadasidan yorug‘ yuz bilan qaytishga qasamyod qildik”.

Delegatsiya a’zolari poytaxtimizdagi Amir Temur xiyoboni va Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘ni ham ziyorat qilib, jahon tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz — Sohibqiron Amir Temur va Alisher Navoiy haykallari poyiga ham gullar qo‘ydilar.