O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining 17-iyuldagi buyrug‘iga ko‘ra “O‘zdunrobita” xorjiy kompaniyasiga ko‘chma radiotelefon (mobil) aloqa tarmoqlarini loyihalash, qurish, foydalanish va xizmat ko‘rsatish uchun 2004-yil 28-iyulda berilgan litsenziyaning amal qilishi yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishlarini bartaraf etish uchun 17-iyul soat 18:00 dan 10 ish kuniga to‘xtatildi.

Telekommunikatsiya xizmatlari istemolchilarining huquqlarini himoya qilish maqsadida yuqorida qayd etilgan litseziyaning amal qilishini to‘xtatishni quyidagi reglament bo‘yicha amalga oshirishga ko‘rsatma berilgan:

1) 17-iyul kuni soat 18:00 dan boshqa telekommunikatsiya operatorlari tarmoqlararo ulanishi darajasida xalqaro telekommunikatsiya tarmoqlariga, shu jumladan internet tarmog‘iga chiqishni to‘xtatish;

2) 17-iyul soat 18:00 dan boshlab uch kun mobaynida “O‘zdunrobita” tarmog‘ini O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida o‘chirilishini ta'minlash.

O‘zAAA rahbariyatining kompaniyaga yangi tayinlangan bosh direktori bilan shaxsiy uchrashuv davomida yuqorida aytib o‘tilgan reglamentga amal qilish zarurligi to‘g‘risidagi talablari masalasida anglashuvga kelinmadi, xabar berdi agentlik matbuot xizmati.

“O‘zdunrobita” O‘zAAAning buyrug‘idagi talablarni va o‘z xizmatlari istemolchilarining manfaatlarini inobatga olmay, tegishli choralarni ko‘rmay kompaniyaning infratuzilmasini yuqoridagi reglamentni buzgan holda o‘chirib qo‘ydi, deyiladi O‘zAAA xabarida.