19-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo'mitasining Sanoat mulkini muhofaza qilish bo'yicha Parij Konvensiyasi 1967-yil 14-iyundagi Stokgolm aktining hamda Adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish to''g'risidagi Bern Konvensiyasi 1971-yil 24-iyuldagi Parij aktining normalari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi hududiga kontrafakt mahsulotlari olib kirilishining oldini olish yuzasidan ko'rilayotgan chora-tadbirlarga doir qismining Toshkent shahrida ijro etilishiga bag'ishlangan kengaytirilgan yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Qonunchilik palatasi axborot xizmatining xabariga ko'ra, tadbirning maqsadi Toshkent hududiga kontrafakt mahsulotlari kirib kelishining oldini olish va nazoratni amalga oshirish vakolatiga ega idora va tashkilotlarning huquqni qo'llash amaliyotini o'rganish hamda bu yo'nalishda amaldagi qonunchilikni takomillashtirishdan iborat edi.

Poytaxtda kontrafakt mahsulotlarni olib kirish va tarqatish holatlarini aniqlash hamda ularga chek qo'yish bo'yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Bu yo'nalishda bojxona xizmatlari, soliq idoralari va boshqa vakolatli organlar izchil harakat qilmoqdalar. Qonunchilik xususiyatiga ega choralar tufayli hududiy farmnazorat idoralarining sifatsiz yoki qalbaki dori vositalari va tibbiyot uchun mo'ljallangan buyumlarni tayyorlash va sotish holatlarini aniqlash hamda ularga chek qo'yish bo'yicha faoliyat samaradorligi sezilarli darajada oshdi.

Shu bilan bir vaqtda Toshkent shahrining iste'mol bozorida kontrafakt va qalbaki iste'mol tovarlari muomalasi davom etmoqda. Ular orasida kiyim-kechak va poyafzal, oshxona jihozlari, mayda maishiy texnika va boshqalarni sanab o'tish mumkin. Bu esa bunday qonunbuzarliklarga qarshi kurash borasida yanada samarali choralar ko'rish zaruratidan dalolat beradi.

Yig'ilish ishtirokchilari Toshkent shahar hokimligi tomonidan poytaxtda xizmat ko'rsatish belgilari, tovar kelib chiqqan joy nomlari, firma nomlari, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi qonunchilikning ijro etilishini ta'minlash, Toshkent shahri hududi savdo majmualarida kontrafakt mahsulotlarning erkin savdo qilinishi, bu sohadagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashda davlat organlari va mutasaddi idoralarning faoliyatini muvofiqlashtirish yuzasidan chora-tadbirlar belgilash borasida ishlarni kuchaytirish lozimligi haqida ta'kidlab o'tdilar.

Shuningdek, muhokama jarayonida hududiy bojxona, soliq idoralari, “O'zstandart” organlari, Intellektual mulk agentligi va boshqa nazorat qiluvchi instansiyalarning Toshkent shahar ichki iste'mol bozorlariga kontrafakt mahsulotlar kirib kelishini aniqlash hamda oldini olish bo'yicha ishlarini yanada muvofiqlashtirish, kontrafakt mahsulotlarning yashirin ishlab chiqaruvchilari faoliyatini aniqlash va unga chek qo'yish bo'yicha yanada samarali nazorat o'rnatish, bu sohadagi tizimli nazoratni amalga oshirishda “O'zstandart” va Davlat soliq qo'mitasining Bozorlar va savdo majmualari faoliyati ustidan nazorat qilish bosh boshqarmasi sa'y-harakatlarini yanada muvofiqlashtirish yuzasidan takliflar bildirildi.

Tadbirda ushbu sohani huquqiy tartibga solishni hamda huquqni qo'llash amaliyotini yanada takomillashtirish lozimligiga e'tibor qaratildi. Jumladan, yig'ilish ishtirokchilari amaldagi qonunchilikda «kontrafakt tovar», «kontrafakt mahsulot» va boshqa tushunchalarga huquqiy jihatdan ta'rif berilmaganligi, «Tovar belgilari, xizmat ko'rsatish belgilari va tovarlar kelib chiqqan joy nomlari to'g'risida» va «Firma nomlari to'g'risida»gi qonunlarni amalga oshirishning protsessual mexanizmlarini belgilash lozimligi ko'rsatildi.

Bundan tashqari, nazorat-tahlil yakunlari muhokamasi jarayonida tadbir ishtirokchilaridan qonunchilikda kontrafakt, ya'ni qalbaki mahsulotni olib kirish, ishlab chiqarish va tarqatish uchun javobgarlikni kuchaytirish, audio va video yozuvlar, adabiy asarlarning elektron nusxalarini ishlab chiqarish va tarqatish sohasida intellektual mulk huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish lozimligi qayd etildi.

Muhokama natijasida qo'mita tomonidan kontrafakt mahsulotlarni mamlakat hududiga, shu jumladan Toshkent shahriga olib kirishning oldini olishga qaratilgan xalqaro hamkorlik faoliyatini kuchaytirishga doir ishlarni rivojlantirish, huquqiy asos va huquqni qo'llash amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi.