20-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston XDP fraksiyasining yig‘ilishida “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

O‘zXDP Markaziy Kengashi Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, qonun loyihasi fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mulkini himoya qilish, ularning huquqi va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, avtomobillarda tashish sifati va xavfsizligini yanada oshirish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda mutasaddi organlarning harakat xavfsizligini ta’minlash borasidagi vakolatlari aniqlashtirilmoqda.

Qonun loyihasi harakat xavfsizligini ta'minlash sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari va prinsiplarini, shuningdek, harakat xavfsizligini tashkil etish va ta'minlashning zaruriy va maqsadli yo‘nalishlarini belgilaydi, transport vositalari va ularning jihozlari, avtomobil yo‘llarining texnik holatiga bo‘lgan talablarni yanada aniqlashtiradi.

Harakat xavfsizligini ta’minlashda jamoatchilikning o‘rni muhimligi hisobga olinib, qonun loyihasi “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishda nodavlat-notijorat tashkilotlarining ishtiroki” deb nomlangan 9-1 modda bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, nodavlat-notijorat tashkilotlarga harakat xavfsizligini ta’minlash doirasida texnik reglament, standart, norma, qoida va boshqa normativ hujjatlarni takomillashtirish, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida tashkiliy tadbirlarni o‘tkazish yuzasidan davlat hokimiyati mahalliy organlariga, vakolatli davlat idoralariga taklif kiritish huquqlari berilmoqda.

Qonun loyihasining yana bir muhim jihati shundaki, kiritilayotgan “Yo‘l harakati xavfsizligi masalalari bo‘yicha xodimlarni o‘qitish, malakasini oshirish va bilimlarini tekshirish, ularga yo‘riqnomalar berish” deb nomlangan 16-1 modda orqali xodimlarni yo‘l harakati xavfsizligi masalalari bo‘yicha o‘qitish, malakasini oshirish, yo‘riqnoma berish va ularning bilimini sinash ish beruvchi tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan ish beruvchilarning mas’uliyati oshishiga va shu orqali yo‘l harakati xavfsizligining ta’minlanishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, avtotransport vositalari haydovchilari va boshqa harakat ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga ham qonun loyihasida alohida e’tibor qaratilib, qonun loyihasi “Transport vositalari yollanma haydovchilarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasidagi huquqlari” deb nomlangan 16-2 modda bilan to‘ldirilmoqda.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida ham shu qonun loyihasi muhokamasi bo‘lib o‘tib, unda yo‘l harakati xavfsizligi sohasi ko‘plab islohotlarni kutayotgani ta'kidlandi va qonun loyihasini mukammallashtirish kerakligi bildirildi.