Fond Forum, “Ayollar kengashi”, “Mehr nuri” jamg‘armasi hamda Ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash fondi tomonidan respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan yirik “1000 ta nikoh va 1000 ta sunnat to‘y” loyihasi 19-20-iyun kunlari Buxoroda mehmon bo‘ldi.

Fond Forum matbuot xizmati xabariga ko‘ra, viloyatda hammasi bo‘lib 67 ta nikoh va 113 ta sunnat to‘y bo‘lib o‘tdi.

Yil mobaynida 1000 ta yosh juft va 1000 nafar bolakayni qamrab olishi kutilayotgan loyihaning ishtirokchilari Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlaridir.

12 juft va 28 nafar bolakay uchun Kogon tumanida o‘tkazilgan to‘ylar loyiha muallifi Gulnora Karimova nomidan tabrik so‘zlari bilan boshlandi. Sunnat to‘ylari nishonlanayotgan bolajonlarga tashkilotchilar va homiylardan velosipedlar, o‘yinchoqlar va sport liboslari taqdim etildi. Yosh juftlarga esa televizor hamda Fond Forumdan osma soatlar in'om etildi.

O‘zbekona an'analarga ko‘ra, to‘ylar karnay-surnay navolari, o‘zbek estradasi xonandalarining kuy-qo‘shiqlari bilan boshlandi. Xayriya to‘ylarda ishtirok etish uchun Toshkentdan Buxoroga Zulayxo Boyxonova, Abduxoshim Ismoilov, “Sato” guruhi, Dilso‘z, Farhod va Shirin safar qildi. Buxoroning boshqa tumanlarida ham 55 ta nikoh va 85 ta sunnat to‘y o‘tkazib berildi.

“1000 ta nikoh va 1000 ta sunnat to‘y” loyihasi Mustahkam oila yilida minglab yoshlarga oilaviy hayotni yorqin hodisa bilan boshlash imkonini bermoqda. Bugungi kungacha 477 ta nikoh va 594 ta sunnat to‘y o‘tkazildi. Loyiha 22-23-iyun kunlari Samarqandga, 25-26-iyun kunlari Jizzaxga, 28-29-iyun kunlari Sirdaryo viloyatiga safar qiladi. Yil yakuniga qadar nikoh va sunnat to‘ylari Surxondaryo, Xorazm, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.