Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, Mark Sedvill O‘zbekiston hukumatining vakillari bilan mintaqaviy xavfsizlik va Afg‘onistonda barqarorlikni o‘rnatish masalalarini muhokama etdi.

Jumladan, Sedvill tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov, Senatning Tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Sodiq Safoyev, Milliy xavfsizlik kengashining kotibi Bahodir Toshmatov va mudofaa vaziri general-leytenant Qobil Berdiyev bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Mark Sedvill Afg‘onistonning uzoq muddatli barqarorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan koalitsiya davlatlarining hamda afg‘onistonliklarning o‘z yorqin kelajagi uchun sa’y-harakatlari borasida, Afg‘onistonda erishilgan muvaffaqiyatlar va u yerda kuchli davlat barpo etish haqida suhbat olib bordi.

Britaniyalik diplomat O‘zbekistonning Afg‘onistonga bo‘lgan iqtisodiy investitsiyalarini va O‘zbekistonning bu yo‘nalishdagi ijobiy harakatlarini alohida ta’kidladi .

Mark Sedvill 2014-yildan keyin, ya'ni qurolli kuchlar Afg‘onistonni tark etganidan so‘ng, Buyuk Britaniya tomonidan taqdim etiladigan yordam haqida to‘xtalib o‘tdi hamda boshqa ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Maxsus vakil Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari bilan muloqotda bo‘lib, Afg‘onistondagi Buyuk Britaniya siyosati borasida savol-javob sessiyasini o‘tkazdi.

O‘z tashrifining yakunida Mark Sedvill Toshkentda saqlanayotgan dunyodagi eng qadimiy Usmon Qur’onini Hastimom majmuasida ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi.