“O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi avtotransportda yo‘lovchi tashish xizmatini amalga oshirishda yo‘l harakati xavfsizligini va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash, yo‘l transporti hodisalari qurbonlari sonini kamaytirish, tashuvchilar tomonidan xavfsizlik talablariga amal qilinishini nazorat qilishni samarali tashkil etish yo‘li sifatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining zamonaviy yutuqlaridan biri bo‘lgan GPS tizimini joriy etishga kirishdi”, — dedi agentlik boshlig‘i o‘rinbosari Shoolim Shovahobov.

O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu tizimni joriy etish borasida ishlar bir necha yil avval boshlangan edi. Agentlik mutaxassislari Rossiya, Ruminiya, Turkiya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarida bo‘lib, tajriba o‘rgandi. Ushbu mamlakatlarda foydalanilayotgan GPS tizimi dasturiy mahsulotlari va texnikalari O‘zbekiston sharoitida va agentlik tomonidan rejalashtirilgan maqsadlarda ishlatib ko‘rish uchun olib kelinib, sinov tariqasida shaharlararo va shahar atrofi yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatayotgan avtobuslarda sinovdan o‘tkazildi.

Ish jarayonida mahalliy shart-sharoit va ko‘zlangan maqsadlardan kelib chiqqan holda mahsulot egalari bilan birgalikda GPS tizimi dasturlariga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi. Bunda, ayniqsa, xavfsizlik borasidagi ko‘rsatkichlarga alohida e’tibor qaratildi.

Shu sa’y-harakatlar natijasida elektron axborot uzatish tizimini joriy etish uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan “O‘zaxborottrans” kompaniyasi bilan hamkorlikda GPS tizimini joriy etish bo‘yicha eng mos yechim topildi — Turkiyaning “Ulukar Destas” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Trio Mobile” dasturini joriy etish bo‘yicha to‘xtamga kelindi.

Ayni paytda tizimni joriy etish uchun “O‘zaxborottrans” tomonidan ushbu dastur va treking uskunalari olib kelinib, shaharlararo yo‘nalishlarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatayotgan avtobuslarga o‘rnatilmoqda. Agentlik binosida dispetcherlik kuzatuv punkti tashkil etilgan.

Shuningdek, matbuot anjumanida agentlik tomonidan yana bir yangilik — SMS orqali ma’lumotlar bazasidan axborot olish imkonini beruvchi yangi interaktiv xizmat haqida ham tushuntirishlar berildi. Endi xohlagan fuqaro avtobus, yo‘nalishli taksi va yengil taksilar yoki yuk avtomobili xizmatidan foydalana turib ushbu avtotransport vositasining qonuniy ishlayotganini oddiy SMS jo‘natish orqali osonlik bilan tekshira oladi. Buning uchun o‘sha avtotransport vositasining davlat raqam belgisi seriyalari bilan birga 5500 telefon raqamiga yuborilsa kifoya. Agentlik ma’lumotlar bazasidan ushbu avtotransport vositasining qaysi faoliyat turi bilan va qaysi muddatgacha shug‘ullanish huquqiga ega ekanligi to‘g‘risida SMS javob keladi.