Olimpiada o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini olib o‘tadigan sportchimiz nomi ham e'lon qilindi, xabar berdi Madaniyat va sport ishlari vazirligi matbuot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda Milliy Olimpiya Qo‘mitasi ijroqo‘m a'zolarining qaroriga ko‘ra ushbu sharafli vazifa boks bo‘yicha ikki karra Osiyo o‘yinlari g‘olibi, jahon chempionati sovrindori Elshod Rasulovga ishonib topshirildi.

Bunga qadar 1996-yili Atlantada (AQSH) bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida Temur Ibragimov, 2000-yili Sidneyda (Avstraliya) Muhammadqodir Abdullayev, 2004-yili Afinada (Gretsiya) Abdulla Tangriyev hamda 2008-yili Pekin (Xitoy) Olimpiadasida Dilshod Mahmudovlar ochilish tantanalarida davlatimiz bayrog‘ini ko‘tarib o‘tish baxtiga muyassar bo‘lganlar.