Mirjalol Qosimov O‘zbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi etib tayinlandi.

Toshkentning “Bunyodkor” klubi bilan Osiyo chempionlar ligasining chorak finaliga qadar yetib borgan Mirjalol Qosimov endilikda sobiq bosh murabbiy Vadim Abramovning vazifasini qabul qilib oldi. Unga jamoada Shuhrat Maqsudov yordam beradi, xabar berdi O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati.

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi London-2012 chiptasini so‘nggi daqiqalarda boy berganidan so‘ng, futbol muxlislarining umidi milliy terma jamoadan bo‘lib turgandi. Ahamiyati u qadar katta bo‘lmagan o‘yinda Yaponiya milliy terma jamoasini safarda mag‘lub etgan Vadim Abramov shogirdlari, to‘rtinchi saralash bosqichini muvaffaqiyatsiz boshlashdi. Xuddi olimpiya terma jamoasi singari, milliychilar ham so‘nggi daqiqada o‘z darvozalaridan gol o‘tkazib yuborishdi. Mazkur sabablarni inobatga olgan O‘zbekiston futbol federatsiyasi terma jamoalar markazi Vadim Abramovni iste'foga chiqardi.

Qayd etish kerak, to‘rt yil avval Rauf Inileev aynan shu bosqichni ikkita mag‘lubiyat bilan boshlagach, uning o‘rnini Mirjalol Qosimov egallagandi. Dastlabki ikki turda yo‘qotilgan qimmatli ochkolar terma jamoaning keyingi taqdiriga ham jiddiy ta'sir ko‘rsatgani sir emas. Hozirga qadar saralashning faqatgina bitta turi ortda qoldi. Qolgan yettita o‘yinda jamoani maydonga Mirjalol Qosimov olib tushadi.

Ma'lumot o‘rnida aytish kerakki, Mirjalol Qosimov 2009-yilning 16-mart kuni postni Vadim Abramovga topshirgandi. Osiyo Kubogi-2011 saralashining so‘nggi turida BAA terma jamoasi O‘zbekistonni Toshkentda mag‘lub etgach, shunday qarorga kelingan. Vaholanki Mirjalol Qosimov murabbiyligida O‘zbekiston milliy terma jamoasi qit'a mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib saralashni muvaffaqiyatli yakunlab bo‘lgan, BAAga qarshi o‘yin hech qanday ahamiyat kasb etmasdi.

Vadim Abramov murabbiyligida O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixda ilk marta Osiyo Kubogining yarim finaliga qadar yetib bordi. Vadim Abramov bilan O‘zbekiston birinchi bor Yaponiyani mag‘lubiyatga uchratdi. Kechagi o‘yinda Abramov Eron milliy terma jamoasini taslim qilgan murabbiyga ham aylanishi mumkin edi. Biroq butun o‘yin davomida himoyada harakat qilgan Karlush Keyrush shogirdlari so‘nggi daqiqadagi gol evaziga g‘alabani ilib ketishdi.

O‘zbekiston futbol federatsiyasi milliy terma jamoani Osiyo Kubogining yarim finaliga qadar yetaklab borgan Vadim Abramovga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.