Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekistonda Tayland kunlarining ochilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘ldi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi bilan Tayland Qirolligi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 20 yilligiga bag‘ishlangan.

Anjumanda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov, O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirining o‘rinbosari Bahodir Ahmedov va Tayland Qirolligining Favqulodda va muxtor elchisi Itti Ditbanchong so‘zga chiqdi.

Taylandda ham ikki mamlakat o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 20 yilligiga bag‘ishlangan qator tadbirlar, jumladan, O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazilganini alohida ta'kidlash joiz. O‘zbekiston delegatsiyasining Taylandga tashrifi asnosida ikki mamlakat o‘rtasida madaniyat va sport sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim imzolandi.

27-mayga qadar davom etadigan Tayland kunlari davomida Toshkent Fotosuratlar uyida taylandlik ijodkorlarning ko‘rgazmalari, Taylandning muaytay va muayboran kurash san'ati hamda milliy taomlari namoyishi bo‘lib o‘tadi. Ushbu tadbirlar Tayland xalqining hayoti, tarixi va bugungi kuni, madaniyati, urf-odatlari bilan yanada yaqinroq tanishish imkonini beradi.

O‘zbekistonda Tayland kunlari doirasida Tayland Qirolligi delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar, Madaniyat va sport ishlari vazirliklarida muzokaralar o‘tkazdi.