Islom Karimov elchini yuksak lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, sharafli va mas’uliyatli missiyasini bajarishda muvaffaqiyatlar tiladi, xabar berdi O‘zA.

Norber Justen Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Vakolatxonasining ilk rahbari sifatida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun bor kuch va imkoniyatlarini ishga solishini ta’kidladi.

O‘zbekiston bilan YEI o‘rtasida 1996-yilning iyun oyida Florensiyada davlat va hukumat rahbarlari darajasida mamlakatimizning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashga asos bo‘lgan Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangan.

2011-yilning yanvar oyida Bryusselda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi ikki tomonlama muzokara va uning yakunlari yuzasidan imzolangan hujjatlar O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi keng ko‘lamli muloqotlarga yangi sur’at baxsh etdi.

Ikki tomon ham savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor. Mamlakatimizda Yevropa investorlari ishtirokida tuzilgan 840 dan ziyod korxona o‘zaro manfaatdorlik asosida faoliyat ko‘rsatmoqda, YEIga a’zo mamlakatlarning qariyb 270 yetakchi kompaniyasi vakolatxonalari ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

2011-yilda O‘zbekistonning YEI mamlakatlari bilan umumiy savdosi hajmi 2010-yildagiga nisbatan qariyb 20 foiz o‘sdi va 2,3 milliard AQSh dollaridan oshdi.

O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi doirasidagi loyiha va dasturlarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda, xavfsizlik, atrof-muhitni muhofaza qilish va suv resurslarini boshqarish sohalarida, demokratlashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolik jamiyatini shakllantirish hamda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash masalalarida o‘zaro hamkorlikda tadbirlar tashkil etilmoqda.