Jizzax shahar hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, tadbirda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha xalqaro tajriba hamda bu boradagi amaliyotga atroflicha to‘xtalib o‘tildi.

Atrof-muhitga bosimni kamaytiradigan, bioxilma-xillikning saqlanishiga ko‘maklashadigan, qayta tiklanuvchi energiya turlaridan (shamol, quyosh nurlari, biogaz va boshqalar) foydalanish texnologiyasi, hayvonlarning organik chiqindilaridan biogumus olish usullari, noan’anaviy muqobil energiya manbalari to‘g‘risidagi ma’lumot asosida resurslarni tejash tafakkurini shakllantirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Ayni paytda Jizzax politexnika institutining “Elektroenergetika va fizika” kafedrasining bir guruh o‘qituvchilari tomonidan “Muqobil energiya olish innovatsion loyihalarining hayotga tatbiqi” mavzusida ilmiy izlanishlar olib borilyapti. Viloyat aholisining 20 foizga yaqini tog‘li hududlarda istiqomat qilishini inobatga olgan tadqiqotchilar mavjud daryo, anhor, soy va buloqlarda mikroGESlar qurishni tavsiya etmoqda.

“Hisob-kitoblarga ko‘ra, 0,3 kVt quvvat beradigan mikroGESni qurish uchun o‘rtacha 1 mln so‘m mablag‘ talab qilinadi, – dedi Jizzax politexnika institutining “Elektroenergetika va fizika” kafedrasi o‘qituvchisi Muhiddin Anorboyev. – Bu qurilmani bunyod etish murakkab hisob-kitoblarni talab qilmasligi, uning hamma qismlarini mahalliy xom ashyodan qurish mumkinligi, qurish muddatlari ham ko‘p vaqt talab qilmasligi uning bir-ikki yil ichida o‘zini to‘la oqlashidan dalolat beradi. Shunday qurilma institut hududidan oqib o‘tuvchi kanalga hashar yo‘li bilan o‘rnatildi. Ayni paytda undan to‘la va samarali foydalanilyapti. Hozirda bundan ham optimal mikroGESlarning variantlari ustida ish olib borilmoqda”.