Hujjatga ko‘ra, 9-may umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kuni o‘tkazilishi, shuningdek, 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 67 yilligi nishonlanishi munosabati bilan hamda urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida ularga 400 ming so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilangan.

Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Markaziy bankka Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga belgilangan pul mukofotining tantanali va bayramona vaziyatda topshirilishini ta’minlash yuklatildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Badiiy akademiya, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, “Nuroniy” va “Mahalla” jamg‘armalari va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Vatan ozodligi va sha’nu sharafi himoyachilariga bag‘ishlangan maxsus uchrashuvlar va ma’rifiy-badiiy kechalar o‘tkazishi belgilandi.