Unda faoliyatini yakunlagan O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov jurnalistlarning savollariga javob berarkan, milliy terma jamoadagi faoliyatini davom ettirishini ma’lum qildi.

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi London Olimpiadasi ostonasida turgan edi. Biroq 14-mart kuni BAAga qarshi bo‘lib o‘tgan guruh bosqichining so‘nggi uchrashuvida 2:0 hisobida g‘alaba qozonib turib, ikkinchi bo‘limning 30 daqiqasi davomida o‘z darvozasidan uchta gol o‘tkazib yuborgandi. Abramovning fikricha, terma jamoaning bu saralashdagi ishtiroki “muvaffaqiyatsizlik” emas, aksincha, “bir o‘yindagi omadsizlik” hammasini hal qildi.

“Agar o‘sha 30 daqiqada g‘alaba qozonganimizda edi, hozir hammasi boshqacha bo‘lardi. Biroq o‘sha yarim soat terma jamoaning butun ishtiroki haqida xulosa chiqarish uchun yetarli emas. Buni chuqur tahlil qilish kerak, atrofdagi boshqa gap-so‘zlarga e’tibor qaratmasdan, to‘g‘ri xulosa chiqarish kerak”, – dedi Abramov.

Toshkentdagi hal qiluvchi o‘yinda qayd etilgan mag‘lubiyatdan so‘ng olimpiya terma jamoasi Vetnamda tashkil etilgan saralash pley-off bahslarida ishtirok etdi. Suriyaga qarshi dastlabki o‘yinda o‘zbekistonliklar 2:1 hisobida irodali g‘alabaga erishgan bo‘lishsa, Ummonga qarshi so‘nggi o‘yinda 0:2 hisobida imkoniyat boy berildi.

Qayd etish joiz, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi pley-offga Olimpiadaga chiqish imkoniyatini so‘nggi lahzada borgan bo‘lsa, Ummon va Suriya olimpiya terma jamoalari o‘z guruhlarida ikkinchi o‘rin olishlari aniq bo‘lib, Vetnamga ruhan tayyor holatda kelishgan edi. Abramovning fikricha, Suriyaga qarshi o‘yinda ham imkoniyat boy berib bo‘lingan edi, “biroq, omad kulib boqdi”. “Ummonga qarshi o‘yinda ham omad kulib boqishiga umid qilgandim”, – dedi murabbiy.

“Rejamizga ko‘ra, biz 14-mart kuni saralashni yakunlab, London yo‘llanmasini qo‘lga kiritishimiz kerak edi. Biz Vetnamdagi musobaqada ishtirok etishimiz mumkinligini hisobga olmagandik va bunga – ruhiy jihatdan – tayyor emasdik. Yana shuni ham hisobga olish kerakki, biz Suriyaga qarshi 27-mart kuni maydonga tushgan bo‘lsa, 29-martda Ummon bilan o‘ynadik. Ummonda esa bu orada to‘liq uch kun vaqt bo‘ldi», – dedi Abramov.

Matbuot anjumanida, shuningdek, milliy terma jamoa faoliyati bo‘yicha ham savollar berildi. Xususan, Ummon terma jamoasiga 27-may kuni Toshkentda o‘tkazilishi kutilgan o‘rtoqlik uchrashuvi ummonliklar tashabbusi bilan bekor qilinganiga izoh berarkan, ayni vaqtda bo‘shab qolgan shu kunda, imkon qadar Toshkentda o‘ynash sharti bilan, raqib izlanayotganini aytib o‘tdi.

“Ummonning rejalarida o‘zgarish paydo bo‘lgan. Iordaniya bizga taklif bilan chiqqandi, uni o‘zimiz rad etgandik. Ayni vaqtda raqiblar izlanmoqda. Agar ular rozi bo‘lishsa, Toshkentda o‘yin o‘tkazamiz”, – dedi Abramov.

Matbuot anjumani davomida Abramovga jurnalistlar tomonidan, olimpiya terma jamoasida qayd etilgan omadsiz natija sabab, milliy terma jamoa bosh murabbiyligidan iste’foga chiqish haqida haqida o‘ylayapsizmi, ko‘rinishida savol berildi.

Abramov terma jamoadagi ishini davom ettirishini aytib, jumladan shunday dedi: “Gap mening iste’foimda ham emas. Agar siz O‘zbekiston milliy terma jamoasini jahon chempionatiga olib chiqishga kafolat beradigan murabbiyni ko‘rsatsangiz, men o‘z o‘rnimni bo‘shataman”.