Bungacha har ikkala jamoa Suriya termasiga qarshi maydonga tushgan edi. Ummon olimpiyachilari suriyaliklar bilan o‘yinda birinchi bo‘lib hisobni ochganiga qaramay, o‘yinning so‘nggi soniyalarida o‘z darvozalaridan to‘p o‘tkazib yuborib, 1:1 hisobidagi durang natija bilan kifoyalangan edi. O‘zbekiston esa Suriya bilan o‘yinda birinchi bo‘lib to‘p o‘tkazib yuborganiga qaramay, o‘ziga xos iroda namoyish etib, ikkita javobsiz gol urishga muvaffaq bo‘lgandi.

Ummon olimpiya terma jamoasiga qarshi bahs vakillarimiz uchun omadsiz boshlandi. O‘yinda hisob 16-daqiqaga kelib ochildi. Raqib qarshi hujumini o‘tkazib yuborgan O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi hujumni faqatgina o‘z jarima maydonchasi ichida qo‘pollik bilan to‘xtata oldi, xolos. Salim Mustafoyevning qoidabuzarligi uchun belgilangan penaltidan Ummon olimpiya terma jamoasi sardori Husayn al-Hadriy unumli foydalandi. Qayd etish joiz, al-Hadriy Suriyaga qarshi o‘yinda ham penaltidan hisobni ochgan edi.

Birinchi bo‘lim yakunlanishi arafasida Ummoning o‘ng qanotdan tashkil etgan hujumi hisobdagi farqning kattalashuvi bilan yakuniga yetdi. O‘ng qanotdan o‘zbekistonliklar jarima maydonchasi tomonidan uzatilgan to‘pni himoyachilar yetarli darajada uzoqlashtira olmadi. To‘p jarima maydonchasiga yorib kirgan Volid as-Sa’diyga kelib tushdi, raqib hujumchisi Zohir Pirimovni ortiqcha qiyinchiliksiz ortda qoldirib, Mochalov darvozasini aniq nishonga oldi.

Ikkinchi bo‘limda o‘zbekistonliklar to‘pni ko‘p nazorat qilib turganiga qaramay, ummonliklar ko‘plab qarshi hujumlarni tashkil etdi. Vakillarimiz biror marta ham raqib darvozasi tomon jiddiy xavf sola bilmadi. O‘yin 0:2 hisobida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi mag‘lubiyati bilan yakuniga yetdi. Shunday qilib, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Olimpiada-2012 saralash bosqichidagi yurishini tugatdi.

Pley-off bosqichida g‘olib chiqqan jamoa endi 23 aprel kuni Angliyaning Koventri shahrida bo‘lib o‘tadigan qit’alararo pley-off uchrashuvida maydonga tushadi. Raqib – Senegal olimpiya terma jamoasi.