Loyiha tashkilotchilari – Fond Forum, “Ayollar kengashi” Respublika jamoat birlashmasi, “Mehr nuri” Jamoat fondi va Ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash fondi.

Fond Forum matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 33 juftlik uchun nikoh to‘ylari o‘tkazildi. Ular, asosan, mehribonlik uylarida tarbiyalangan, ota-onasini yo‘qotgan, shuningdek, ko‘p farzandli oilalardan bo‘lgan yoshlardir. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari va mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining 38 nafari uchun sunnat to‘ylari o‘tkazildi.

Nikoh va sunnat to‘ylari Navoiy viloyatining uchta tumanida (Navoiy, Qiziltepa va Karmana) o‘tkazilib, ularga 1500 nafar mehmonlar taklif etildi. Kelinlar loyiha uchun maxsus yaratilgan Guli brendi ko‘ylaklariga ega bo‘ldi. Yosh oilalarga Fond Forum tomonidan devor soatlari, Guli brendidan tumorlar va loyiha muallifi Gulnora Karimovadan tabriknomalar taqdim etildi.

Sunnat to‘ylari doirasida barcha o‘g‘il bolalarga velosipedlar sovg‘a qilindi. Bolalar sovg‘a bilan birgalikda Gulnora Karimovadan tabriknomalarga ega bo‘ldi. Shuningdek, konsert dasturi tashkil etilib, Ruxshona va boshqa mahalliy ijodiy guruhlar yosh oilalarni musiqiy sovg‘alar bilan shod etdilar.

Loyiha 26-mart kuni Nurota, Xatirchi va Uchquduq tumanlari hamda Zarafshon shahridan yana 40 juftlik va 50 nafar bolalarni qamrab oladi. 27- va 28-mart kunlari Qashqadaryoda 13 tumandan 50 juftlik va 111 nafar o‘g‘il bolalar uchun to‘ylar o‘tkaziladi.