Fond Forum va yurtimizdagi YUNESKO vakolatxonasining eng yirik loyihalaridan biri – “Asrlar sadosi” an’anaviy madaniyat festivali bu yil 5-6-may kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a tumanida o‘tkaziladi, xabar berdi Fond Forum matbuot xizmati.

Tuproqqal’a tarixiy yodgorligi va Nukusdagi jahonga mashhur Savitskiy nomidagi muzey o‘tgan to‘rt yil mobaynida an’analar, san’at, tarix va hozirgi kunning o‘ziga xos chorrahasiga aylanib ulgurgan festivalning asosiy obyektlariga aylanishi kutilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi so‘nggi yillarda san’atshunoslar, arxeolog olimlar, tadqiqotchilar va sayyohlarning e’tiborini tobora ko‘proq tortib kelmoqda. O‘ziga xos arxeologik qo‘riqxona bo‘lgan hudud o‘zining noyob madaniyati, boy tarixiy merosi, nodir tabiiy landshaftlari, qadimiy va o‘rta asrlarga oid yodgorliklari bilan mashhur.

Qadimgi Xorazm poytaxti hisoblangan shahar-qal’a – Tuproqqal’a “Asrlar sadosi-2012” festivali o‘tkaziladigan asosiy joy. Ushbu qal’a markazida qadimda hukmdorlar qarorgohi joylashgan. Ellikqal’a tumani hududida joylashgan shaharcha qoldiqlarini qazish ishlari 1940-yillarda boshlangan edi. Bir-biriga yaqin joylashgan qal’alar hududga shunday nom berilishiga sabab bo‘lgan. Arxeologik qazilma ishlari ushbu qal’a qator diniy marosimlar markazi bo‘lgani hamda zardo‘shtiylik davrida hududda butxona inshootlari ko‘plab qurilganidan dalolat beradi. Xorazmshohlar saroyi joylashgan Tuproqqal’a shaharchasi Markaziy Osiyo hududidagi eng qadimgi inshootlardan biri bo‘lib, YUNESKOning jahon madaniyati yodgorliklari ro‘yxatiga kiritilgan.

Festival mehmonlari Igor Savitskiy nomidagi davlat muzeyiga ham tashrif buyurishadi. Muzeyning 90 mingdan ortiq noyob va boy eksponatlari bois unga “Qumlikdagi Luvr” deb nom ham berishgan. O‘tgan asrning 50-60-yillarida Savitskiy tomonidan to‘plangan Rossiya va Turkistonning avangard hamda postavangard san’at namunalari, Qoraqalpog‘istonning bezakli amaliy san’ati asarlari, Qadimiy Xorazmning arxeologik eksponatlari muzey asosini tashkil etadi.

Mutaxassislar va jahon matbuoti vakillarining baholashicha, Savitskiy nomidagi muzeydagi to‘plamlar Osiyo mintaqasidagi eng yaxshi badiiy to‘plam sanaladi, rus avangardi to‘plamlari soni va hajmi bo‘yicha jahonda ikkinchi o‘rinda turadi.

An’anaga ko‘ra, bu yilgi festival dasturiga folklor jamoalari tanlovlari, Milliy liboslar festivali, an’anaviy xalq o‘yinlari, uloq-ko‘pkari, milliy kurash bellashuvlari, xo‘roz va qo‘y janglari, dorbozlar chiqishi, oshpazlar tanlovi kabilar kiritilgan. Festivalda, shuningdek, amaliy san’at ko‘rgazmali yarmarkasi o‘tkazilib, unda kulolchilik, kandakorlik, kashtado‘zlik, miniatyura, to‘qimachilik, yog‘och o‘ymakorligi ustalari o‘z mahoratini namoyish etadi.

Festivalning ilmiy tarkibi ham alohida qiziqish uyg‘otmoqda. Ushbu hududning arxeologik topilmalari, san’ati, noyob madaniyati va sir-asrorlari san’at ixlosmandlari, inson va tabiat o‘rtasidagi munosabatlarga qiziqqanlarni befarq qoldirmasligi aniq.

Har yili festivalga diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar vakillari, madaniyat va san’at arboblari, mutaxassislar, tadqiqotchilar, yoshlar va xorijiy mehmonlardan iborat jami 50 ming kishi tashrif buyuradi.

Beshinchi “Asrlar sadosi” an’anaviy madaniyat festivali qadimiy va zamonaviy O‘zbekistonning ma’lum bo‘lmagan qirralarini ochish imkonini beradi. Bundan avvalgi “Asrlar sadosi” festivali Shahrisabz yaqinida, Toshkent viloyati, Xiva hamda Buxoroda o‘tkazilgan. Bu safar festival go‘zal va betakror tabiiy manzaralar bilan hayratga solib, Qoraqalpog‘iston tarixi va madaniyatiga unutilmas sayohat uyushtiradi.