Fransuz tili va fransuz tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarga bag‘ishlangan madaniy tadbirlar va tanlovlar haftaligi O‘zbekistondagi Fransuz instituti va Xalqaro frankofoniya tashkilotiga a’zo mamlakatlar elchixonalari tomonidan tashkillashtirilmoqda.

Haftalik dasturidan 2003-yili Kann festivalida taqdim qilingan “La grande seduction” filmi (Kanada), shuningdek “Bab el Oued City” filmi (Aljir) namoyishi, Ilhom teatridagi “Brassens yoki ozodlik” ko‘rgazmasi, fransuz qo‘shiqlari, fotosuratlar, fransuz tili va madaniyatini bilish bo‘yicha tanlovlar o‘rin olgan.

Frankofoniya haftaligi dasturi

Fransiya elchixonasi ma’lumotlariga qaraganda, bugungi kunda sayyoramizda fransuz tilida gapiradigan kishilar soni 220 millionga yaqin. Xalqaro frankofoniya tashkiloti (XFT) tarkibiga kiradigan 75 ta davlat BMTga a’zo mamlakatlarning uchdan birini tashkil etadi.

Yevropa hamjamiyatida fransuz tili (19 foiz) ingliz tilidan (41 foiz) keyingi ikkinchi chet tili hisoblanadi. XFTning 32 mamlakatida fransuz tili yagona yoki boshqa tillar bilan bir qatorda rasmiy davlat tilidir.

Frankofoniya parlament assambleyasi (APF) 78 ta parlament va parlamentlararo tashkilotlarni o‘z ichiga oladi. Xalqaro fransuzcha so‘zlashuvchi merlar jamiyati tarkibiga 49 ta mamlakatning 206 ta shahar va 29 ta shaharlar jamiyati kiradi.

Universitet frankofoniya agentligi (AUF) 94 ta mamlakatda 781 ta oliy o‘quv yurtlari va tadqiqot muassasalarini qamrab oladi. Dunyoda, shuningdek, 900 ming nafar fransuz tili o‘qituvchilari borligi qayd qilingan.