Senat matbuot xizmati xabar berishicha, majlis kun tartibiga qator qonunlar kiritilmoqda, shu jumladan “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi va “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlar.

Shu bilan birga, majlisda prokuratura organlarining, Hisob palatasining, Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning), Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2011-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarini muhokama qilish rejalashtirilmoqda.

Senatorlar adliya vazirining o‘tgan yilda davlat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat tuzilmalari tomonidan qonunlarning ijro etilishi holati to‘g‘risidagi axborotini ko‘rib chiqadilar.

Majlisda, shuningdek, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan ish o‘rinlari tashkil etish va Aholi bandligini ta’minlash dasturining ijro etilishi to‘g‘risidagi masala yuzasidan parlament eshituvlari o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.