“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi uzoq masofalarga uchishga mo‘ljallangan “Boeing-767” avialaynerlaridan 1996-yildan beri foydalanib keladi. Ushbu navbatdagi samolyotning olib kelinishi to‘rtta “B-767-300ER” va ikkita “B-787 Dreamliner” havo kemasini xarid qilish bo‘yicha “Boeing” korporatsiyasi bilan tuzilgan shartnoma ijrosining davomi bo‘ldi.

O‘zA xabar berishicha, yangi “B-767-300ER” samolyotini uchuvchi-instruktor Iosif Zak, havo kemasi komandiri Temur Fayzullayev, ikkinchi uchuvchi Rustam Turobov va bosh shturman Stanislav Gurfinkeldan iborat ekipaj O‘zbekistonga olib keldi.

Samolyotning biznes va ekonom klasslardagi yo‘lovchilar sig‘imi 250 kishini tashkil etadi. Laynerning kreyser tezligi soatiga 900 kilometr bo‘lib, 13 ming metrgacha bo‘lgan balandlikda uchadi.

Yuqorida tilga olingan shartnoma bo‘yicha birinchi samolyot Toshkentga 9-fevral kuni yetkazilgan.