Yig‘ilishni Jizzax shahar hokimi Asror Qobilov boshqardi. Unda shahar mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, oqsoqollar, korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari ishtirok etdi.

Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Zayriddin Damirov Jizzax shahridagi Bunyod hamda Sayxan mahallalari tog‘li hududda joylashganligi sababli bahor va yoz oylarida kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida sel kelish ehtimoli mavjud hududlar sanaladi dedi.

Shu boisdan shahar hududida sel toshqinlarining oldini olish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 7-fevral kunidagi “2012-yil sel toshqin va ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududlarni muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida viloyat hamda shahar hokimlarining qarorlari ishlab chiqildi.

Shahar hokimining qaroriga muvofiq Bunyod mahallasidan o‘tuvchi Jilqaydar bulog‘i irmoqlarida (qariyb 600 metr) qirg‘oq mustahkamlash ishlari o‘tkazildi. Sayxan mahallasidagi Itorqa tog‘ tizmasidan keluvchi buloqlar yo‘llarida esa qirg‘oq mustahkamlash ishlari olib borilmoqda. “Sangzor” mahallasi hududidan o‘tuvchi Sangzor daryosida bitta ekskavator va buldozer yordamida qirg‘oq mustahkamlash ishlari boshlab yuborildi.

Joriy yilning 25-28-fevral kunlari kuchli yomg‘ir yog‘ishi kutilayotganligi sababli Qipchoq, Sangzor va Navro‘z mahallalarida aholi xonadonlariga suv kirishi ehtimoli bo‘lgan ariqlarda 24-25-fevral kunlari tozalash ishlari olib borildi. Shuningdek, 2-5-mart kunlari sel kelishi xavfi mavjudligi yuzasidan Bunyod va Sayxon mahallalaridagi xonadonlarga ogohlantirish xatlari tarqatildi.

Jizzax shahar hokimi Asror Qobilov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining topshirig‘i yuzasidan kelib chiqadigan vazifalar xususida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, 2012-qishloq xo‘jalik yilida Jizzax tumani dehqonlariga chigit ekishda ko‘maklashish, yilning dastlabki hosili pilla yetishtirishda amaliy chora-tadbirlarni belgilash, yengil sanoat va charm-poyafzal sohasini shahar hududida rivojlantirish borasidagi mavjud muammolarni o‘rganish va hal etish choralarini ishlab chiqish, eksportga chiqariladigan mahsulotlarni ko‘paytirish borasida fikrlar bildirildi.

Shuningdek, kasb-hunar kollej bitiruvchilarining bandligini ta’minlash (2012-yilda Jizzax shahridagi kollejlarni 3600 nafardan ortiq yoshlar bitiradi), kapital ta’mirlashga tushgan bino va inshootlarda amalga oshiriladigan ishlarni sifatli yakunlash, aholi xonadonlaridagi tomorqalardan unumli foydalanish, ko‘chat ekish ishlarini tashkillashtirish, bozorlar hududida obodonlashtirish ishlarini boshlash, har bir mahallada bittadan namunali ko‘chalar va bolalar maydonchalarini tashkil etish, shuningdek, aholining madaniy hordiq chiqarishini ta’minlash maqsadida muhim sanalar munosabati bilan tashkil etiladigan bayram tadbirlarini istirohat bog‘lari va saylgohlarda o‘tkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi.