Namangan shahar hokimligi axborot xizmatining xabar qilishicha, shahar hokimi To‘lqin Dadabayev ma’ruza qilib, shaharda 2011-yilda amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot berdi.

Hisobotda aytilishicha, Namangan shahrida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 2010-yilga nisbatan 14,7 foiz, qurilish-pudrat ishlari esa 111,6 mlrd so‘mni tashkil etib, 19 foiz o‘sdi. Chakana savdo aylanmasi o‘sishi 20,3 foiz bo‘ldi.

Sanoat korxonalari va kichik biznes subyektlari hisobot davrida 41 mln dollarlik mahsulot eksport qildi va bu borada o‘tgan yilga nisbatan 21,5 foiz o‘sishga erishildi.

Shahardagi aholi xonadonlarida yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari 128,2 mlrd so‘mni tashkil etib, 2010-yilga nisbatan 5 foiz o‘sdi.

Yig‘ilishda, shuningdek, shaharni 2012-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga qaratilgan masalalar ham muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.