O‘FFning xabar berishicha, rejalashtirilgan tadbir yoshlar o‘rtasida futbolni targ‘ib qilish hamda ommalashtirish, o‘zbek futbolining dovrug‘ini dunyoga yoyish orqali mamlakatda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda futbolning rolini yanada kuchaytirishga qaratilgan.

O‘zbekiston futbol federatsiyasi ijroiya qo‘mitasi tomonidan qabul qilingan rejalar 1912-yilda O‘zbekiston Respublikasida paydo bo‘lgan futbolning 100 yillik yubileyini mamlakatning barcha hududlarida munosib nishonlashga qaratilgan.

Hujjatga muvofiq, aprel oyigacha yubiley o‘tkaziladigan joyni aniqlash va tadbir ssenariysi qabul qilinishi kerak. Mart oyidan may oyigacha futbol federatsiyasi vakillari, faxriy futbolchilar va sport jurnalistlarning mamlakatning barcha viloyatlariga safarlari tashkillashtiriladi.

Mart oyida suvenir, bosma va reklama mahsulotlari hamda futbolning rasmiy libosi va sport formalari dizaynida ishlatiladigan o‘zbek futboli yubileyiga bag‘ishlangan logotip ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi kerak.

Iyul oyidan O‘zbekistonning barcha hududlarida futbolning 100 yilligiga bag‘ishlab ko‘chma fotosurat ko‘rgazmalari tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, o‘zbek futboliga bag‘ishlangan yubiley pochta markalari va maxsus kitob chop etish ham ta’kidlab o‘tilgan. Kitob taqdimoti avgust oyida bo‘lib o‘tadi.

Iyun oyidan boshlab, o‘zbek futboli yubileyiga bag‘ishlangan respublika miqyosidagi turnirlar start oladi. Yozning birinchi oyida respublikaning barcha hududlarida 1999, 2000 va 2001-yillarda tug‘ilgan bolalardan tuzilgan jamoalar o‘rtasida, avgust-sentabr oylarida O‘FF Kubogi uchun OAV xodimlari o‘rtasida, iyul-avgust oylarida davlat korxonalari o‘rtasida, avgust oyida esa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda futbol faxriylari o‘rtasida turnir tashkil etiladi.

2012-yilning avgust oyida o‘zbek futbolining vatani hisoblangan Qo‘qon shahrida 100 yillik yubileyga bag‘ishlangan memorial yodgorlik o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Yubileyni nishonlash doirasida Toshkent shahrida ham Yevropa jamoalaridan biri bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Futbol federatsiyasining ta’kidlashicha, yubiley tadbirlarida FIFA, OFK va boshqa mamlakat futbol federatsiyalaridan mehmonlarni taklif etish ko‘zda tutilgan.