10-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Axborot makonining globallashuvi va yoshlar ma’naviyati” mavzusida respublika videokonferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Anjuman Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari bo‘yicha qo‘mitasining tashabbusi bilan O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi hamkorligida tashkil etildi, deb xabar berdi O‘zAAA matbuot xizmati.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi sohasidagi davlat boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari, axborot va tarbiya sohasi mutaxassislari hamda talabalar ishtirok etdi. Videokonferensiya orqali Farg‘ona, Samarqand va Nukus shaharlari studiyalari ulandi.

Anjumanda Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Ismoil Saifnazarov, O‘zAAA bosh direktori Hakim Muhitdinov hamda Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Abdurashid Jo‘raboyev so‘zga chiqdi.

Tadbirda bugungi kunda yoshlar shaxsiy xarakterdagi axborot himoyasi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi, o‘zi foydalanayotgan aloqa vositalarini himoya qila olishi hamda salbiy axborotlardan himoyalana olishi zarurligi qayd etildi.

Anjumanda yoshlarning ma’naviyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi “ommaviy madaniyat” tahdidi va oqimlarining mohiyatini ochib beruvchi ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, axborot bozoridagi globalizatsiya va raqobat sharoitlarida milliy qadriyatlar va ong, mafkuraviy immunitetni shakllantirish, o‘sib kelayotgan avlodning mediasavodxonligi va internet madaniyatini oshirish bo‘yicha fikr va takliflar bildirildi.