Tegishli qarorni 27-yanvar kuni Prezident Islom Karimov imzoladi. Ushbu qaror bo‘yicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi O‘zbekistonning yangi tarixi markazi tugatildi.

Hujjatda qayd etilganidek, Jamoatchilik kengashi O‘zbekistonning eng yangi tarixini tadqiq etish va o‘qitish samaradorligini, shuningdek, mazkur sohada ilmiy, o‘quv-metodik adabiyotlar, ma’naviy-ma’rifiy ishlar sifatini oshirishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan ilmiy-muvofiqlashtirish va maslahat organi hisoblanadi. Kengash tarkibi Prezident tomonidan tasdiqlanadi.

Yangi kengashning asosiy vazifalaridan biri “O‘zbekistonning eng yangi tarixini tizimli ravishda tarixiylik va xolislik prinsiplariga asoslangan holda o‘rganishni tashkil etish, shuningdek buyuk tarixiy-madaniy merosga ega bo‘lgan va jahon sivilizatsiyasining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan o‘zbek xalqining tarixiy o‘tmishi va bugungi kuniga baho berishda bir yoqlama yondashuvlarga, aqidaparastlikka yo‘l qo‘ymaslik” deb belgilandi.

Kengash, shuningdek, “demokratik huquqiy davlatni, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini, fuqarolik jamiyatining asoslarini shakllantirishda “o‘zbek modeli”ning mohiyati va mazmunini, inson huquqlari hamda erkinliklarini ta’minlash, jamiyatda barqarorlikni, millatlararo va dinlararo totuvlikni saqlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni, hozirgi dunyoda O‘zbekistonning roli va o‘rnini chuqur o‘rganish va yaqqol ko‘rsatib berish” bilan ham shug‘ullanadi.

Jamoatchilik kengashiga o‘quv va ilmiy-metodik adabiyotlar, o‘quv dasturlari, mamlakatning ta’lim muassasalarida O‘zbekistonning eng yangi tarixi kursini o‘qitish darajasini tizimli ravishda monitoring qilish hamda ekspertizadan o‘tkazib borish, ushbu sohada ilmiy-tadqiqot, o‘quv-metodik ishlarning sifatini yaxshilash, tarixchi-pedagog kadrlarning malakasini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va joriy etish yuklatildi.

Kengash vazifalariga fuqarolarda tarixiy xotira, milliy o‘zligini anglash, yuksak ma’naviyat, xalqning tarixiy an’analari, madaniy merosiga hurmat, mamlakatimiz mustaqillikka erishganining buyuk tarixiy ahamiyatini anglash kabi fazilatlarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari orqali oshirib borish ham kiritildi.

Bundan tashqari, yangi kengash zamonaviy chet el ilmiy va o‘quv adabiyotlarida O‘zbekiston tarixini soxtalashtirish, buzib ko‘rsatish faktlarini aniqlashga yo‘naltirilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish, hozirgi O‘zbekistonning tarixiy o‘tmishi, sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishi, mamlakatda olib borilayotgan demokratik islohotlar to‘g‘risidagi xolis axborotni keng xalqaro jamoatchilikka yetkazishni amalga oshiradi.

Jamoatchilik kengashining ishchi organi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz tashkil etildi.