2011-yilda bojxona to‘lovlari bo‘yicha davlat byudjetiga 2,55 trln so‘m undirildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

2011-yil davomida respublika bojxona postlarida salkam 286,3 mingta bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirildi.

Bojxona organlari tomonidan kontrabanda va bojxona qonunchiligining buzilishiga oid 28,53 mingta holatlar aniqlandi. Ularni bartaraf etish natijasida 110 mlrd so‘mdan ortiq qiymatdagi noqonuniy olib o‘tilgan tovar-moddiy boyliklar olib qo‘yildi. Aniqlangan holatlarning 938 tasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 26,33 mingtasi bo‘yicha ma’muriy ishlar yuritilgan.

Respublika chegaralarida noqonuniy olib o‘tishga urinish chog‘ida bojxonachilar 227,8 ming litr yonilg‘i-moylash materiallari, 526,1 tonna rangli va qora metallar, 243,2 tonna go‘sht va go‘sht mahsulotlari, 1,19 mln quti tamaki mahsulotlari, 40,1 ming litr o‘simlik yog‘i, 296 bosh uy hayvonlarining noqonuniy olib o‘tishilishiga chek qo‘yildi.

2011-yilda bojxona organlari tomonidan mustaqil ravishda va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida 45,7 ming dona psixotrop tabletka, 7,5 kg porox, 3635 ta patron, 51 ming dona kapsula, 56,1 ming dona pirotexnika vositalari aniqlanib, olib qo‘yildi.