Guruh bahslarida Ukraina chempioni Donetskning “Shaxtyor” (1:1, pen. 6:5) hamda Rossiya premyer ligasi vakili “Rostov” (1:0) jamoalarini yenggan Vadim Abramov shogirdlari, 23-yanvar kuni bosh sovrin uchun kechadigan hal qiluvchi final bahsida Sankt-Peterburgning “Zenit” jamoasi bilan kuch sinashadigan bo‘ldi.

Ushbu uchrashuv oldidan terma jamoa bosh murabbiysi Vadim Abramov jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, qayd etilayotgan natijalar mutlaqo ahamiyat kasb etmasligi va olimpiya terma jamoasi 5-fevralda Avstraliyaga qarshi kechadigan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida so‘zlab o‘tdi.

“Qayd etiladigan natija bizni ortiqcha o‘ylantirmaydi. Biz faqat kuchli raqiblarga qarshi kechadigan bahslarda tajriba to‘plashni va olimpiada yo‘llanmasi uchun bo‘ladigan hal qiluvchi uchrashuvlarga munosib tayyorgarlik ko‘rishni niyat qilganmiz,” – deydi Vadim Abramov.

Rossiya premyer ligasi g‘olibi “Zenit” klubi 2011-yili ilk bor tashkil etilgan Dubai Matchworld Cup musobaqasida ham finalga qadar yetib kelib, hal qiluvchi bahsda Saudiya Arabistoning “Al-Xilol” jamoasiga imkoniyatni boy bergan edi. Sankt-Peterburg klubi ustozi Luchano Spaletti ham, mazkur musobaqa Portugaliyaning “Benfika” klubiga qarshi kechadigan Yevropa chempionlar ligasi 1/8 final bahsi oldidan o‘ziga xos tayyorgarlik bosqichi vazifasini o‘tashini ta‘kidlab o‘tdi.

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi hamda Sankt-Peterburgning “Zenit” klubi o‘rtasida kechadigan final uchrashuvi Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da boshlanadi.

Mazkur musobaqaga taklif etilgan yana bir jamoa, Toshkentning “Bunyodkor” klubi a’zolari ham o‘z guruhlarida ikkinchi o‘rinni egallab, uchinchi o‘rin uchun kechadigan bahsda Donetskning “Shaxtyor” jamoasiga qarshi maydonga tushadigan bo‘ldilar.

Beshinchi o‘rin uchun “Rostov” (Rossiya) bilan “Iroq” U-23, yettinchi o‘rin uchun “Ksamaks” (Shveytsariya) va “Etual dyu Saxel” (Tunis) jamoalari bellashadi.