19-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga va 2012-yilda iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi. O‘zA xabar berishicha, Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ma’ruza qildi.

Davlatimiz rahbarining ma’ruzasida jahonda umume’tirof etilgan rivojlanishning “o‘zbek modeli”ni hamda qabul qilingan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining ustuvor yo‘nalishlarini izchil amalga oshirish natijasida, jahon iqtisodiyotida yuz berayotgan inqirozli holatlarga qaramay, 2011-yilda mamlakat iqtisodiyotini o‘stirishning yuqori sur’atlari barqarorligi va makroiqtisodiy muvozanatlilik ta’minlanganligi qayd etildi.

2011-yil yakunlari bo‘yicha mamlakat yalpi ichki mahsulotining o‘sishi 8,3 foizni, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o‘sishi 6,3 foizni, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi o‘sishi 6,6 foizni, aholiga pullik xizmatlar ko‘rsatish hajmi o‘sishi 16,1 foizni tashkil etdi. Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,4 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi. Inflatsiya darajasi belgilangan prognoz ko‘rsatkichdan oshmadi.

Mamlakatimiz eksport qiluvchi korxonalarining raqobatbardoshlik nuqtai nazaridan ustunliklarini to‘liq ro‘yobga chiqarish, eksport tarkibini diversifikatsiyalash va mahsulotlarni sotishning yangi tashqi bozorlarini faol o‘zlashtirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlar olib borilishi 2011-yilda eksport hajmi 15,4 foizga o‘sishini, tashqi savdo balansining sezilarli miqdordagi ijobiy saldosini va mamlakat oltin-valuta zaxiralari o‘sishini ta’minladi.

Faol investitsiya siyosati amalga oshirilishi hamda iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, transport va infratuzilma kommunikatsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor investitsiya loyihalari amalga oshirilishi kapital qo‘yilmalarni o‘zlashtirish hajmini 11,2 foizga ko‘paytirish imkonini berdi.

1006 ta yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi, 144 ta yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish tugallandi.

Qishloq joylarda yangi turar joy massivlarini qurish va zamonaviy infratuzilmani shakllantirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish davom ettirildi. 2011 yilda 156 ta qishloq tumanida “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat bankining imtiyozli kreditlari hisobiga namunaviy loyihalar bo‘yicha 7,4 mingta uy-joy foydalanishga topshirildi.

“Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturi doirasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun eng qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga doir keng ko‘lamli ishlar olib borilishi 2011-yil yakunlari bo‘yicha mamlakat yalpi ichki mahsulotida kichik biznes ulushi 2010-yildagi 52,5 foiz o‘rniga 54 foizgacha ko‘payishiga ko‘maklashdi.

2011-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi parametrlarini so‘zsiz bajarish yuzasidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar qariyb 1 millionta ish o‘rni tashkil etilishini ta’minladi, ularning 68 foizidan ortig‘i qishloq joylarga to‘g‘ri keladi.

Mamlakatimiz Prezidenti o‘z ma’ruzasida hal etilmagan mavjud muammolarni batafsil va har tomonlama tahlil qildi hamda 2012-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalari va yo‘nalishlarini bajarishga qaratilgan dasturiy vazifalarga atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

Vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari oldiga iqtisodiyotni o‘stirishning yuqori va barqaror sur’atlarini saqlab qolishni, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlashni, shuningdek, iqtisodiyotni izchil isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalashni chuqurlashtirish, yangi, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni jadal rivojlantirish, mavjud quvvatlarni modernizatsiyalash va texnologik jihatdan yangilash jarayonini jadallashtirish hisobiga mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshliligini oshirishni ta’minlaydigan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.

Transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirishni ta’minlash, qishloqlar qiyofasini tubdan o‘zgartirish va qishloq joylarda uy-joy qurilishini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish hamda shu asosda aholi bandligi va farovonligini oshirish masalalarini samarali hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Joriy yilning “Mustahkam oila yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan 2012-yilga belgilangan maqsadlarga erishish bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan, jamiyatning ma’naviy asoslarini yanada rivojlantirishda oilaning ahamiyatini yuksaltirish, har bir oilaning moddiy farovonligini oshirish muammolarini hal etishda davlat va jamiyat tomonidan e’tibor va g‘amxo‘rlik kuchaytirilishi zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.