O‘z tabrigida Islom Karimov O‘zbekistonda ko‘hna tarix va o‘ziga xos madaniyatga ega bo‘lgan, xalqining jasorati va mardligi tufayli mustaqilligi va yaxlitligini saqlab qolgan, qisqa davrda ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyot yo‘lida salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritgan Vetnamga katta e’tibor va chuqur hurmat bilan qaralishini qayd etdi, deb xabar berdi Prezident matbuot xizmati.

Mamlakatimiz rahbari davlatlarimiz yangi sharoitda, so‘nggi 20 yil davomidagi o‘zaro munosabatlarda uzoq muddatli va serqirra hamkorlik borasida ulkan natijalarga erishganini – samarali siyosiy muloqot rivojlanib, tomonlar xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelayotganini, iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklik, avvalo, neft-gaz va boshqa ustuvor tarmoqlarda ravnaq topayotganini mamnuniyat bilan tilga oldi.

Islom Karimov O‘zbekiston va Vetnam o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillari asosida ko‘p yillik an’anaviy do‘stlik rishtalarini mustahkamlash borasidagi qo‘shma sa’y-harakatlarini davom ettirishiga ishonch bildirdi.

Prezident o‘z vetnamlik hamkasbiga mustahkam sog‘liq va mas’uliyatli faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, do‘st Vetnam xalqiga esa taraqqiyot va farovonlik tiladi.

Vetnam Sotsialistik Respublikasi Prezidenti Chiong Tan Shang ham Islom Karimovni ushbu muhim sana bilan qutladi. O‘z qutlovida o‘tgan 20 yil davomida xalqlarimiz mamlakatlarimizni qurish va rivojlantirish yo‘lida katta yutuqlarni qo‘lga kiritgani barobarida Vetnam bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi an’anaviy do‘stona munosabatlar va ko‘p qirrali hamkorlikni ravnaq toptirishda ham muhim qadamlar tashlanganini ta’kidladi.

Vetnam ahli Prezident Islom Karimovning 15 yil avval Vetnamga amalga oshirgan rasmiy tashrifini mamnuniyat bilan esga oladi. Ushbu tashrif Vetnam bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi bugungi samimiy munosabatlar uchun mustahkam poydevor yaratdi. Vetnam bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik xalqlarimiz manfaatlariga mos ravishda ko‘plab sohalarda muttasil mustahkamlanib, rivojlanib bormoqda, deya ta’kidlanadi Vetnam Prezidenti tabrik maktubida.