Qur’a tashlash marosimidan avval O‘zbekiston Professional futbol ligasi (PFL) bosh direktori Farhod Magometov 2011-yilgi musobaqa yakunlariga ko‘ra Oliy Ligadan tushib ketgan Zarafshonning “Qizilqum” klubi, 2011-yilgi Birinchi Liga bahslari natijasiga ko‘ra Oliy Liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan Sirdaryo viloyatining “Guliston” jamoasi o‘rniga musobaqada ishtirok etishini ma’lum qildi.

“Bu boradagi O‘zbekiston futbol federatsiyasi (O‘FF) ijroqo‘mining tegishli qarori, O‘FF prezidenti va Sirdaryo viloyati hokimining o‘zaro maslahatlashuvidan keyin qabul qilindi”, – dedi Magometov.

Berger tizimiga asosan tashlangan qur’a natijalariga ko‘ra, mamlakatning amaldagi chempioni hisoblangan Toshkentning “Bunyodkor” klubi mavsumni o‘z uyida, Muborakning “Mash’al” jamoasiga qarshi boshlaydigan bo‘ldi. Qarshining “Nasaf” klubi Samarqandda “Dinamo” mehmoni bo‘lsa, “Paxtakor” “Buxoro” uyiga safar qiladi. 1-tur juftliklarining to‘liq ro‘yxati bilan quyida tanishib olishingiz mumkin.

Oliy Liga-2012, 1-tur

“Sho‘rtan” – “Lokomotiv”
“Navbahor” – “Qizilqum”
“Bunyodkor” – “Mash’al”
“Metallurg” – “Andijon”
“Buxoro” – “Paxtakor”
“Olmaliq” – “Neftchi”
“Dinamo” – “Nasaf”

Farhod Magometovning so‘zlariga ko‘ra, 2012-yilgi chempionatni 15-mart kuni boshlash rejalashtirilgan.