Qarorga ko‘ra, 2012-yil 1-yanvardan OAV va kitob mahsulotlarini yetkazib berish xizmatlari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilindi.

Shu sanadan mikrofirmalar va kichik korxonalarga mansub bo‘lgan OAV tahririyatlari, nashriyotlar, poligrafiya tashkilotlari, teleradioeshittirish kompaniyalari uchun yagona soliq to‘lovi stavkalari 6 foizdan 5 foizga pasaytirildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi “Ijod” Jamg‘armasiga nashriyot va matbaa tashkilotlari chop etilgan mahsulotlarni sotishdan, muharrirlik xizmatlari, poligrafiya va nashriyot xizmatlarini ko‘rsatishdan to‘laydigan majburiy ajratmalar miqdori 2 foizdan 1 foizga tushirildi.

Gazeta, jurnallar va kitob mahsulotlarini chakana sotishga ixtisoslashgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliq stavkasi o‘rta hisobda ikki barobarga pasaytirildi.

Yangi yildan OAV tahririyatlari, nashriyot va bosmaxonalarni kichik korxonalar toifasiga kiritish chog‘ida ular xodimlarining o‘rtacha yillik cheklangan sonini 50 nafardan 100 nafargacha oshirildi.

1-yanvardan OAV tahririyatlari va nashriyotlar ijtimoiy-siyosiy hamda bolalar adabiyotini, imkoniyatlari cheklangan shaxslar (ko‘zi ojizlar, kar-soqovlar va boshqalar) uchun adabiyotlarni sotishdan olingan foydadan foyda solig‘ini hamda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘idan ozod qilindi.

Tahririyatlar, nashriyot va bosmaxonalar OAVning mahsulotlari, kitob mahsulotlarini sotishdan va ularning nusxalarini ko‘paytirish bo‘yicha xizmatlardan olinadigan Respublika yo‘l jamg‘armasiga hamda Ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasiga majburiy ajratmalardan ham besh yilga ozod qilindi.

Qo‘shimcha tarzda, OAV va kitob mahsulotlari ishlab chiqarish uchun ommaviy axborot vositalari tahririyatlari, nashriyotlar, teleradioeshittirish kompaniyalari va poligrafiya tashkilotlari tomonidan olib kelinadigan qog‘oz, poligrafiya materiallari va axborot saqlash moslamalari, uskunalar (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha) bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlari bundan mustasno) besh yil muddatga ozod etildi.

Qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev zimmasiga yuklatildi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, mazkur qaror OAV, nashriyot, poligrafiya korxonalari va matbuot tarqatuvchi tashkilotlarni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit va omillarni yaratish, buning asnosida ommaviy axborot vositalarining mustaqilligini ta’minlash, axborot sohasini rivojlantirishda, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamiyat nazoratini o‘rnatishda ularning rolini oshirishga qaratilgan.