“Xitoy va O‘zbekiston do‘st va yaqin qo‘shnilardir. Diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganidan keyin o‘tgan 20 yil davomida Xitoy-O‘zbekiston munosabatlari jadal va barqaror rivojlandi, – deb yoadi Xitoy rahbari o‘z tabrigida. – Ikki mamlakat o‘rtasida oliy darajadagi uchrashuvlar muntazamlik kasb etib, siyosiy sohada o‘zaro ishonch mustahkamlanmoqda, savdo-iqtisodiy aloqalar, energetika, transport va fan-texnika sohalaridagi hamkorlik muttasil kengaymoqda va o‘zining yorqin samarasini bermoqda. Mamlakatlarimiz har bir tomonning tub manfaatlariga doir masalalarda bir-birini qo‘llab-quvvatlab, ikki davlatning umumiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida BMT, ShHT va boshqa ko‘p tomonlama tashkilotlar doirasida samarali hamkorlik qilib kelmoqda”.

Xu Szintaoning fikricha, 2005-yilda tomonlar imzolagan Do‘stlik, hamkorlik va sheriklik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos bo‘ldi. Islom Karimovning 2011-yil aprel oyida Xitoyga muvaffaqiyatli davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi va g‘oyat muhim rivojlanish pog‘onasiga ko‘tardi. Xitoy tomoni ikki tomonlama munosabatlar borasida erishilgan muvaffaqiyatlardan g‘oyat mamnun va istiqbolda mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar yanada rivojlanishiga komil ishonch bildiradi, deb ta’kidlaydi XXR Raisi.

XXR hukumati O‘zbekiston bilan munosabatlarni ravnaq toptirishga doimo alohida e’tibor bilan qaraydi, O‘zbekiston tanlagan o‘ziga xos va o‘ziga mos taraqqiyot yo‘lini, shuningdek, O‘zbekistonning davlat mustaqilligi, suvereniteti va xavfsizligini ta’minlash, iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish va tashqi aloqalarni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlayveradi. Siz, Janobi Oliylari bilan birgalikda ikki mamlakat o‘rtasida siyosiy ishonchni mustahkamlash va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz ravnaqi yo‘lida do‘stlik, hamkorlik va sheriklik munosabatlarini yuksaltirish uchun bor kuch-g‘ayratimni ishga solishga tayyorman” – deyiladi Xu Szintaoning tabrigida.