17-noyabr kuni O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi alkogol va tamaki mahsulotlari uchun tibbiy ogohlantirish va ogohlantiruvchi yozuvlar matnini tasdiqlash haqidagi buyrug‘ini chiqardi.

Yozuvlar va talablar keyingi yil aprel oyidan kuchga kiradigan “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida“gi qonunga muvofiq ishlab chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, qonunga muvofiq alkogol mahsulotining idishida yorliq asosiy yuzasining kamida 40 foizini egallaydigan matnli yozuv va (yoki) rasm tarzidagi tibbiy ogohlantirish bo‘lishi kerak.

Tamaki mahsulotining qutisida tamaki mahsuloti qutisi old tomoni asosiy yuzasining kamida 40 foizini egallaydigan matnli yozuv va (yoki) rasm tarzidagi tibbiy ogohlantirish bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, alkogol va tamaki mahsulotlari sotiladigan joylarda ularni 20 yoshga to‘lmagan shaxslarga sotishga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi, shuningdek alkogol va tamaki mahsulotlarining inson sog‘lig‘iga salbiy ta’siri to‘g‘risidagi ogohlantiruvchi yozuv joylashtirilgan bo‘lishi shart.

Sog‘liqni saqlash vazirligi qaroriga ko‘ra, alkogol mahsulotining har bir idishi yorlig‘ida quyidagi yozuv o‘zbek va rus tillarida joylashtirilishi kerak:

  • “Alkogol mahsulotlarini me’yordan ortiq iste’mol qilish inson asab tizimi va ichki a’zolarining og‘ir kasalliklariga olib keladi”.

Tamaki mahsulotining har bir qutisining old tomonida quyidagi tibbiy ogohlantirish matnlaridan biri joylashtirilishi kerak:

  • “Chekish insonni o‘ldiradi”,
  • “Chekish umringizni qisqartiradi”,
  • “Chekish siz va atrofingizdagilar sog‘lig‘i uchun jiddiy zarar yetkazadi”.

Quti orqa tomonining yuzasiga qo‘shimcha tibbiy ogohlantirishlar:

  • “Chekish o‘pka rakiga olib keladi”,
  • “Homiladorlik paytida chekish farzandingiz sog‘ligi uchun zarar”,
  • “Bolalaringizni asrang: ularni tamaki tutunidan nafas olishiga yo‘l qo‘ymang”,
  • “Chekish tamakiga kuchli qaramlikni chaqiradi”.

Alkogol va tamaki mahsulotlarini sotiladigan joylarda joylashtiriladigan ogohlantiruvchi yozuvlar matni (2 plakatdan):

  • “Yigirma yoshga to‘lmagan shaxslarga alkogol mahsulotlarini sotish taqiqlanadi”,
  • “Alkogol mahsulotlarini me’yordan ortiq iste’mol qilish sizning sog‘lig‘ingizga jiddiy zarar etkazadi”,
  • “Yigirma yoshga to‘lmagan shaxslarga tamaki mahsulotlarini sotish ta’qiqlanadi”,
  • “Tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish siz va atrofdagilar sog‘lig‘i uchun zarar”.

Yuqoridagi ko‘rsatilgan barcha yozuvlar va ogohlantirishlar har besh yilda bir marta ko‘rib chiqilishi kerak.