“Turkmaniston-O‘zbekiston-Qozog‘iston-Xitoy” gaz magistralining birinchi navbati va O‘zbekistonda joylashgan 1-kompressor stansiyasi ishga topshirilgandan ikki yil o‘tib, “O‘zbekiston-Xitoy” gaz quvurining uchinchi navbatining qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Xitoy milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) vitse-prezidenti Van Duntszin rahbarligidagi delegatsiya hamda loyihada qatnashayotgan “O‘zbeknetfgaz” Milliy xolding kompaniyasi va uning tuzilmaviy bo‘linmalari rahbariyati qatnashdi.

“O‘zbeknetfgaz” matbuot xizmatining xabar berishicha, gaz quvuri uchunchi navbatining ishga tushirilishi O‘zbekiston konlaridan Xitoy Xalq Respublikasiga gaz eksportini ta’minlash imkonini beradi.

Qurilish jarayoniga 3000 ga yaqin kishi jalb qilinadi. Gaz quvuri, kompressor stansiyalari, dispetcher punktlari va gazni o‘lchash uzellarining ishga tushirilishi qo‘shimcha 600 ga yaqin mutaxassisni ish bilan ta’minlaydi.

“O‘zbekiston-Xitoy” gaz quvurining qurilishi 2008-yil 30-iyunda boshlangan edi. 2009-yilning 15-16-dekabr kunlari “Turkmaniston-O‘zbekiston-Qozog‘iston-Xitoy” gaz liniyasining birinchi navbati va KS-1 bosh kompressor stansiyasi ishga tushirilgan edi.

Gaz quvurining O‘zbekiston hududidagi ikkinchi navbati o‘tgan yili 20-oktabr kuni ishga tushirildi.