FIFA Ijroiya qo‘mitasi 16-17-dekabr kunlari Tokioda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishi vaqtida, moddiy-texnik muammolar sabab kelasi yili O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan 20 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi Jahon chempionatini boshqa davlatga berish haqida qaror qabul qildi. Bu haqda tashkilot rasmiy sayti xabar bermoqda.

“Nima bo‘lganda ham, FIFA O‘zbekiston futbol federatsiyasiga (O‘FF) uning e’tiborga loyiq sa‘yi-harakatlari hamda ishga mas’uliyat bilan yondashgani uchun samimiy minnatdorchilik bildiradi”, – deyiladi tashkilot xabarida.

FIFA Ijroqo‘mi, kelajakda bunga imkoniyat paydo bo‘lishi bilan, O‘FFga boshqa bir FIFA musobaqasini (erkaklar o‘rtasida bo‘lishi ham mumkin) taqdim etishi yoki futbolni rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash orqali O‘zbekistonda o‘tkazilmagan Jahon chempionati o‘rnini to‘ldirish haqida qaror qabul qilgan.

20 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi 2012-yilgi Jahon chempionatining yangi mezboni sifatida Yaponiya ko‘rsatilgan. Yaponiya hukumati musobaqani o‘tkazish kafolatini berishi bilan FIFA bu haqdagi qarorni rasman imzolaydi.