16-dekabr kuni poytaxtda mamlakatda birinchi skeytpark qurish loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir “Yoshlar giyohvandlikka qarshi va sog‘lom turmush tarzi uchun” loyihasi tomonidan tashkil qilindi. Ushbu loyiha “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro hayriya jamg‘armasi hamda O‘zbekiston ekstremal va tog‘ turizmi federatsiyasi bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.

Loyiha maqsadi – bolalar va yoshlar (5 yoshdan 30 yoshgacha) uchun sportning urbanistik turlari (rolikli konki, skeytbord, BMX velosipedi, parkur, breyk-dans) bilan shug‘ullanish orqali o‘zlarining bo‘sh vaqtlarini faol o‘tkazishga imkon yaratish.

O‘zbekistonda mazkur sport turlarining rivojlanib borishiga qaramasdan, hozirda doimiy va sifatli mashg‘ulotlar uchun sharoit yaratilmagan. Ushbu muammoni hal qilish uchun maxsus joy – skeytpark qurish taklif qilinmoqda.

Loyiha Oliy Majlis qoshidagi NNT va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Reja bo‘yicha 580 kvadrat metr maydonga ega skeytpark qurilishidan tashqari, loyiha yoshlar muvofiqlashtiruvchi kengashini tuzish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi sport tadbirlari va aksiyalarini o‘tkazishni ham ko‘zda tutadi.

Skeytpark eskizlari

Eskizlar “Yoshlar giyohvandlikka qarshi va sog‘lom turmush tarzi uchun” loyihasi tomonidan taqdim etildi.