“O‘zbekiston pochtasi” 2004-yil 19-iyulda davlat aksiyadorlik jamiyatidan ochiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilgan edi. Uning tuzilmasida 174 ta tuman va shahar uzellari hamda 2286 ta aloqa bo‘limlarini o‘z ichiga olgan 14 ta hududiy filial faoliyat yuritadi.

Bundan tashqari, kompaniya 35 ta avia va temir yo‘l, 485 ta avtomobil yo‘nalishlari, shuningdek, pochta jo‘natmalarini o‘z vaqtida hamda muntazam tashishni ta’minlayotgan 20 ta ko‘chma aloqa bo‘limlariga ega.

Hozirgi kunda 15 ta pochtani qayta ishlash punktlari va 150 ta pochta uzellari ro‘yxatdan o‘tgan pochta jo‘natmalari joylashuvini nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulangan.

“2011-2012 yillarga mo‘ljallangan “Yangi turdagi xizmatlarni joriy etish va pochta aloqasi bo‘limlari darajasida texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish” loyihasi doirasida pensiyalarni hisoblash va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilish rejalashtirilgan”, – deydi “O‘zbekiston pochtasi” axborot texnologiyalari bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Sultonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 250 ta pochta aloqasi bo‘limlarini jihozlash, avtomatlashtirilgan obuna tizimini ishlab chiqish va tatbiq etish hamda amaldagi avtomatlashtirilgan tizimlarni rivojlantirish rejalashtirilgan. 2012-yilda xizmatlar to‘lovi uchun 300 ta qo‘shimcha terminal sotib olish va o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Hozirda pochta bo‘limlarida 941 ta terminal mavjud.

O‘zbekiston Respublikasi 1994-yildan buyon Jahon pochta ittifoqining teng huquqli a’zosi hisoblanadi va uning doirasida dunyoning 105 mamlakati bilan hamkorlik qilmoqda.