Forumda turli xil qayta tiklanuvchi energiya manbalari texnologiyalari sohasidagi oxirgi ishlar bilan tanishtirildi.

Koreya Respublikasi elchisi Chon De Vanning ta’kidlashicha, 2012-yilda ikki davlat o‘zlarining diplomatik aloqalarini 20 yilligini nishonlaydi. Hozirgi kunda ikki mamlakat turli sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni faol rivojlantirib kelishmoqda.

“Toshkentda o‘tayotgan O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha forum katta ahamiyatga ega. O‘ylaymanki, mazkur forum muqobil energiya manbalari va energiyani tejash texnologiyalarini rivojlantirish sohasidagi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi”, – deydi Chon De Van.

Forumda Koreya Respublikasi qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi mutaxassislari delegatsiyasi va iqtisodiyotning mazkur salohiyatli yo‘nalishini yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor O‘zbekiston vazirlik va idoralari vakillari qatnashdi.

Tadbirda muhokama qilinayotgan sohada bir qator Koreya kompaniyalarining, jumladan, “Shinsong Engineering“ning eng so‘nggi yutuqlari taqdim etildi. Mazkur kompaniya rahbari Hong Keon Kining ta’kidlashicha, kompaniyaning asosiy mutaxassisligi – quyosh energetikasi uchun asbob-uskunalar va texnologiyalarni ishlab chiqish.