EUNIC – Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning xalqaro madaniy hamkorligi sohasidagi tashkilotlar hamjamiyati. Toshkentdagi uyushma Britaniya Kengashi, Gyote Instituti va Fransiya Instituti tashabbusi bilan tashkil etildi.

EUNICning Toshkent bo‘limiga ushbu tashkilotlar rahbarlari navbatma-navbat rahbarlik qiladi. Birinchi bo‘lib, bunday sharafga Britaniya Kengashi va uning rahbari Stiv MakNalti sazovor bo‘ldi.

“EUNIC Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida madaniy aloqalarga oid masalalar bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilotlarning norasmiy, virtual tuzilmasi hisoblanadi, – deydi MakNalti. – U Yevropa hamkorligining namunasi va bir vaqtning o‘zida Yevropa madaniyatining rang-barangligini aks ettiruvchi vositadir”.

Stiv MakNaltining so‘zlariga ko‘ra, tashkilot madaniy hamkorlikni rag‘batlantirish, mutaxassislar o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda turli Yevropa madaniyatlarini chuqur anglash va tillarni faolroq o‘rganishga qaratilgan.

EUNIC klasterini biron bir davlatda yaratishning asosiy shartlaridan biri Yevropa Ittifoqi davlatlari madaniyatini tanishtiruvchi uchtadan kam bo‘lmagan institutlarning mavjud bo‘lishidir. EUNICning Toshkentdagi bo‘linmasi respublikada o‘z ofisiga ega bo‘lgan barcha Yevropa Ittifoqi davlatlari uchun ochiq. EUNIC tadbirlarida O‘zbekistondagi madaniyat tashkilotlari ham qatnashishi mumkin.