Dzyudo bo‘yicha Olimpiada o‘yinlari sovrindori, mutlaq jahon chempioni Abdulla Tangriyevning medallar kolleksiyasi Katta dubulg‘a turkumiga kiruvchi yana bir nufuzli musobaqaning medali bilan boyidi, deb xabar beradi Madaniyat va sport ishlari vazirligi matbuot xizmati.

Tokio shahrida o‘tkazilgan yirik musobaqada dunyoning 62 davlatidan 400 ga yaqin polvon ishtirok etdi. Vazni 100 kilogrammdan og‘ir bo‘lgan polvonlar bellashuvida Tangriyev faxrli uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Yana ikki nafar jahon chempionati sovrindorlari Navro‘z Juraqobilov (73 kg) va Ramziddin Saidov (100 kg) o‘z vaznlarida beshinchi o‘rinni egallab, Olimpiada o‘yinlariga beriladigan yo‘llanmalar uchun reyting ochkolarini oshirib oldilar.

17-18-dekabr kunlari O‘zbekiston terma jamoasi Kinjao (Xitoy) shahrida o‘tkaziladigan Gran-Pri tasnifiga kiruvchi musobaqada ishtirok etadi. Ushbu musobaqa yakunlariga ko‘ra 2011-yilning yakuniy reyting jadvali e’lon qilinadi.