“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi va “Airbus” o‘rtasida 2007-yili oltita “A320” o‘rtamagistral samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilgan. 2008-yili ikki tomon o‘rtasida yana bir shartnoma imzolanib, buyurtmalar soni 10 tagacha oshirilgan.

Kutilganidek, barcha 10 ta samolyot joriy yilning oxirigacha yetib keldi. Birinchi shu turdagi layner Toshkentga o‘tgan yilning iyul oyida qo‘ngan edi. Bugun “A320” samolyotlari xalqaro va mahalliy yo‘nalishlar bo‘yicha qatnovlarni amalga oshirmoqda.

“A320” rusumi milliy aviatashuvchi tomonidan samolyotlar parkini unifikatsiyalash dasturi doirasida o‘rta masofa yo‘nalishlarga reyslarni amalga oshirish uchun maqbul variant sifatida tanlangan edi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” tomonidan xarid qilingan laynerlarning tuzilishi 150 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, ulardan 12 nafari biznes-klassda parvoz qiladi.

Oldin xabar qilinganidek, 2016-yilgacha “O‘zbekiston havo yo‘llari” to‘rtta “Boeing-767-300ER” (2012-2013-yillarda yetkazilishi ko‘zda tutilgan) va ikkita “Boeing-787 Dreamliner” (2014-2016-yillarda) samolyotlarini xarid qilishni rejalashtirgan.