OFK rasmiy saytining xabar berishicha, 6-dekabr kuni Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK)ning Kuala-Lumpurdagi qarorgohida OCHLning 2012-yilgi bahslari guruh bosqichiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra, 2011-yilgi O‘zbekiston chempionatining eng kuchli to‘rt klubi qit’a musobaqasidagi o‘z raqiblari nomini bilib oldi.

2011-yilgi O‘zbekiston chempionatini 4-o‘rinda yakunlab, OCHL pley-off bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan “Neftchi” klubi musobaqani bir uchrashuvdan iborat 2-saralash raundidan boshlaydigan bo‘ldi. Farg‘onaliklar 18-fevral kuni BAAda mahalliy “Ash-Shabob” klubiga qarshi maydonga tushishadi va agar ushbu o‘yinda g‘alaba qozonishsa, “D” guruhidan joy olishadi. Shuningdek, Eronning “Persepolis”, Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” va Qatarning “Al-G‘arafa” klublari ham shu guruhdan o‘rin olgan.

O‘zbekistonning bir klubi guruh bosqichini Sharqiy mintaqada o‘tkazishi oldindan ma’lum edi, ammo “Bunyodkor”, “Paxtakor” va “Nasaf”dan qay biri sharqqa yo‘l olishini qur’a hal qildi. Shunday qilib, “Bunyodkor” “E” guruhida OChLning 2008-yilgi g‘olibi, Yaponiyaning “Gamba Osaka” bilan o‘ynashi, qolgan ikki raqib esa pley-off bosqichi yakuniga ko‘ra aniqlanishi ma’lum bo‘ldi.

Ammo saralash bosqichida ishtirok etishi kerak bo‘lgan Xitoy chempionatida 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan “Liaoning Vovin” jamoasi musobaqada ishtirok etishdan bosh tortgani, Indoneziya chempioni “Persipura Jayapura” OFK tomonidan musobaqadan chetlatilgani uchun saralashda ishtirok etishi kerak bo‘lgan Avstraliya chempionatida 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan “Adeliada Yunayted” to‘g‘ridan-to‘g‘ri “E” guruhi a’zosiga aylandi. Guruhning to‘rtinchi jamoasi Janubiy Koreyaning “Poxang Stilerz” va Tailand kubogi sohibi o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng aniq bo‘ladi.

O‘zbekiston Kubogi sohibi, Toshkentning “Paxtakor” klubi “B” guruhida Saudiya Arabistonining “Al-Ittihod”, Qatarning “Al-Arabi” va BAAning “Bani Yas” klublariga qarshi bahs olib borsa, amaldagi OFK Kubogi sohibi hisoblangan Qarshining “Nasaf” klubi “A” guruhida Qatarning “Ar-Rayyan” va BAAning “Al-Jazira” klublari bilan bahs olib boradi. “A” guruhining so‘nggi, 4-ishtirokchisi nomi 18-fevraldagi pley-off uchrashuvlaridan so‘ng ma’lum bo‘ladi va u Eronning “Istiqlol”, “Zob Ohan” yoki Saudiya Arabistonining “Al-Ittifoq” klublaridan biri bo‘lishi mumkin.

OCHL guruhi bosqichi o‘yinlari 2012-yilning 6-7-mart kunlari boshlanib, 15-16-may kunlari yakuniga yetadi. Musobaqaning bahorgi o‘yinlarini yakunlab beruvchi bir uchrashuvdan iborat 1/16 final uchrashuvlari 29-30 may kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Osiyo Chempionlar Ligasi 2003-yili Osiyo Chempionlar Kubogi va Osiyo Kubok egalari Kubogining birlashtirilishi natijasida tashkil etilgan qit’a klublarining eng asosiy musobaqasi bo‘lib, unda O‘zbekiston klublari 3 marta yarim final bosqichiga qarab yetib borishgan. 2003-yili “Paxtakor” Tailandning “Bek Tero Sasana” klubi to‘sig‘idan o‘ta olmagan bo‘lsa, kelasi yili Janubiy Koreyaning “Seongnam Ilva” klubi toshkentlik yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lgan.

2008-yili Toshkentning “Bunyodkor” klubi yarim finalda ikki o‘yin natijasiga ko‘ra Avstraliyaning “Adelaida Yunayted” klubiga imkoniyatni boy bergan.