5 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yettinchi yalpi majlisida senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90-moddasiga tuzatish kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ma’qulladilar.

Qonun davlat rahbari tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatlari muddatini hozir amal qilib turgan yetti yildan besh yilgacha qisqartirishni nazarda tutadi.

Parlament yuqori palatasining vakillari ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini saylash muddatini besh yilgacha qisqartirish mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning obyektiv realligini, mantiqi va izchilligini aks ettiradi.

Bundan tashqari, ushbu tashabbus hozirgi vaqtda amalga oshirilayotgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi talablariga, shuningdek dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlarning mutlaq ko‘pchiligida vujudga kelgan amaliyotga mos, deyiladi Senat matbuot xizmati axborotida.