Seshanba kuni o‘tkazilgan Toshkentdagi ofis taqdimotida aytilishicha, HP mahsulotlari O‘zbekiston axborot texnologiyalari bozorida sezilarli o‘rinni egallagan. Mamlakatda HP mahsulotlari xaridorlari orasida telekommunikatsiya, bank, ishlab chiqarish va davlat sektorlaridagi yirik kompaniya va tashkilotlar mavjud.

“O‘zbekistondagi biznesimiz barqaror o‘smoqda – joriy yilda o‘tgan yilga nisbatan 20 foiz o‘sishni kutmoqdamiz. Kompaniya nafaqat buyurtmachilarni yuqori sifatli mahsulotlar bilan ta’minlaydi, balki sertifikatlashtirilgan markazlar tarmog‘i orqali ham xizmatlar ko‘rsatadi,” – dedi MDH mamlakatlarida HP korporativ yechimlar bo‘yicha guruh rahbari va bosh direktori Rudi Kozak (rasmda chapda).

O‘zbekistondagi HP vakolatxonasining vazifalariga mijozlar va hamkorlar uchun treninglar o‘tkazish, ta’lim dasturlari, biznes-reja tuzishga yordam berish va marketing ko‘magi berish orqali qo‘llab-quvvatlash kiradi.

Kompaniya mahsulotlarining sotuvini resellerlar orqali yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan, alohida hollarda buyurtmachiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xizmat ham ko‘rsatadi.