O‘zbekiston milliy terma jamoasi 17-yanvar kuni, safarda, Quvayt terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi va shu bilan Vadim Abramov shogirdlari 2014-yilgi jahon chempionati uchinchi saralash bosqichi guruh bahslaridagi Yaponiya terma jamoasiga qarshi so‘nggi tur uchrashuviga tayyorgalikni boshlashadi.

O‘FF rasmiy saytining qayd etishicha, Yaponiyaga bo‘lajak safar oldidan yana bir o‘rtoqlik uchrashuv o‘tkaziladi. 24-fevral kuni Bangkokda o‘zbekistonlik futbolchilar Tayland terma jamoasi mehmoni bo‘lishadi.

Quvayt terma jamoasi ayni vaqtda FIFA reytingida 100-o‘rinni egallab turibdi (O‘zbekistondan 24 o‘rin quyida). Tayland esa 132-o‘rinda bormoqda. O‘zbekiston milliy terma jamosi kuvaytliklar bilan shu kungacha to‘rt marta uchrashgan bo‘lib, ikki marta O‘zbekiston, bir marta Quvayt terma jamoasi g‘alaba qozongan. Bir uchrashuv durang natija bilan yakuniga yetgan. Tayland terma jamoasi bilan shu kungacha yettita o‘yin o‘tkazilgan bo‘lib, ularning to‘rttasi tailandliklarning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, qolgan uchtasida o‘zbekistonlik futbolchilar g‘alaba qozonishgan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCH-2014 uchinchi saralash bosqichi guruh bahslari doirasidagi so‘nggi uchrashuvni 2012-yilning 29-fevral kuni Yaponiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi besh uchrashuvdan so‘ng 13 ochko to‘plagani holda guruhda peshqadamlik qilmoqda. Yaponiya terma jamoasi hisobida esa 10 ochko bor. Har ikkala terma jamoa ham muddatidan avval to‘rtinchi saralash bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritib bo‘lgan.