Yangi Zelandiyada koronavirusga chalingan oxirgi bemor ham tuzalgani va so‘nggi 17 kun ichida infeksiya bilan bog‘liq holat kuzatilmagani e’lon qilindi. Mamlakatda chegara nazoratidan tashqari barcha karantin cheklovlari olib tashlandi.
Qozog‘istonning bir qator shaharlarida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilarning asosiy talablari davlat tomonidan kredit bo‘yicha amnistiya e’lon qilinishi, chet el fuqarolariga yer sotish amaliyotni taqiqlash va siyosiy faollarni ozod etish bo‘ldi. 100 nafardan ortiq namoyishchilar hibsga olingan.
Dunyo bo‘ylab aniqlangan koronavirus holatlari 7 milliondan oshdi. Bunda, 3,1 mln nafar bemor COVID-19 infeksiyasidan sog‘aygan va 402 ming nafari esa hayotdan ko‘z yumgan. Shuningdek, AQSH, Braziliya va Rossiyada eng ko‘p koronavirus bilan zararlanish holatlari qayd etilgan.
Facebook davlat nazoratidagi OAV sahifalari va undagi xabarlarni belgilashni boshladi. Bunda kompaniya OAV tashkiliy tuzilmasi haqidagi ma’lumotlar, moliyalashtirish manbalari, tahririyat siyosati kabi bir necha mezonlarga asoslanadi. Hozirda Russia Today, Sputnik, RIA Novosti, China Xinhua News va Philippine News Agency kabi OAV sahifalari belgilangan.
Shvetsiya bosh epidemiologi mamlakatda koronavirus epidemiyasining boshidanoq qat’iy karantin cheklovlarini o‘rnatilmaganidan afsuslanishini aytdi. Hozirda, mamlakatda koronavirusdan o‘lim darajasi dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan bo‘lib qolmoqda, kasallanganlarning 11,6 foizi vafot etgan.
Jorj Floyd o‘limiga aloqador barcha to‘rtta politsiya xodimiga ayblovlar e’lon qilindi. Floydni tizzasi bilan bo‘g‘ib turgan politsiya xodimiga 40 yil qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko amaldagi hukumatni iste’foga chiqarish bo‘yicha qarorga imzo qo‘ydi.
AQSHda Jorj Floydning o‘limidan so‘ng boshlangan irqchilik va politsiyaning o‘zboshimchaligiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari davom etmoqda. O‘nlab shaharlarda komendandlik soati joriy etildi.
2019 yilda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va uning oilasining umumiy daromadi 1,06 mln dollarni tashkil etgani ma’lum bo‘ldi. Deklaratsiyaga ko‘ra, Zelenskiy daromadining aksariyati tadbirkorlik faoliyatidan kelgan. Xarajatlari esa — qariyb 500 ming dollar bo‘lib, asosan prezidentlik saylov kampaniyasiga sarflangan.
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanda va uning oila a’zolarida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Ta’kidlanishicha, u muzokaralar davomida xizmat ko‘rsatayotgan ofitsiantdan COVID-19 bilan zararlangan. Davolanish paytida bosh vazir o‘z uyidan turib ishlashni davom ettirishini ma’lum qilgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp ijtimoiy tarmoqlarni tartibga solish to‘g‘risidagi qarorga imzo chekdi. Unga ko‘ra, federal organlar Twitter, Facebook, Instagram va YouTube kabi yirik ijtimoiy mediya kompaniyalarning o‘z foydalanuvchilari postlarini tahrirlash va o‘chirishlariga yo‘l qo‘ymaydi.
Amerikaning Minneapolis shahrida fuqaro politsiya tomonidan qo‘lga olinayotganida vafot etganidan so‘ng norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Hukumat mojaroga barham berish uchun Milliy gvardiyaga murojaat qildi.
Boeing oradan besh oy o‘tib, 737 MAX laynerlarini ishlab chiqarishni qayta yo‘lga qo‘ydi. Ulardan foydalanish Indoneziya va Efiopiyada ushbu laynerlar halokatga uchraganidan keyin butun dunyoda to‘xtatilgan edi.
Ob-havo tufayli Crew Dragon kosmik kemasining parvozi 30 mayga qoldirildi. Amerikalik astronavtlar 2011 yildan beri ilk marotaba Rossiyaning «Soyuz» raketasida emas, Amerikaning SpaceX kompaniyasiga tegishli Crew Dragon kosmik kemasida Xalqaro kosmik stansiyaga otlanayotgan edi. Ushbu parvoz xususiy kompaniya tomonidan amalga oshirilgan birinchi uchuvchili parvoz bo‘lishi mumkin.
Koronavirus pandemiyasi sababli dunyoning turli mamlakatlarida millionlab odamlar ishsiz qolishmoqda. Turli davlatlarda ishini yo‘qotganlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qanday choralar ko‘rilayotgani — «Gazeta.uz» tahlilida.
Donald Trampning Twitter dagi xabarlariga birinchi marotaba ishonchsiz bo‘lishi mumkinligi va qo‘shimcha tekshiruv kerakligi haqidagi maxsus belgi berildi. AQSH prezidenti Twitter ni so‘z erkinligini bo‘g‘ishda aybladi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakada koronavirus tarqalishi o‘zining cho‘qqisiga chiqqanini ma’lum qilib, 24 iyun kuni Moskvada G‘alaba paradini o‘tkazishga topshiriq berdi.
Facebook internet-savdo platformasini ishga tushirdi. Ushbu platforma kelajakda Amazon va eBay kabi internet-savdo kompaniyalariga raqobatchi bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Kompaniya ovqat yetkazib berish xizmatlarini ham yo‘lga qo‘ymoqchi.
Isroilda Benyamin Netanyaxu ustidan sud jarayoni boshlandi. Mamlakat tarixida ilk bor amaldagi bosh vazir sud qilinmoqda.
Pokistonda ichki reysni amalga oshirayotgan samolyot aholi yashaydigan hududga qulab tushdi. Samolyotda kamida 90 nafar yo‘lovchi bo‘lganligi aytilmoqda.
Qo`shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro`yxatdan o`ting