Samarqandda ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari tor doirada muhokamalar o‘tkazdi. Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida imzolash uchun 40 dan ortiq hujjat tayyorlanganini qayd etdi. “Biz birgalikda mintaqaviy va global xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida tashkilotni yangi marralarga olib chiqishga qodirmiz”, — dedi u.
Shavkat Mirziyoyev SHHTda mehmon sifatida ishtirok etish uchun kelgan Ilhom Aliyev bilan uchrashdi. Uchrashuvda, jumladan, Samarqandda o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti kun tartibi kelishib olindi.
Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif SHHT sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga keldi. Dastlab u Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi, so‘ngra Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Unda Transafg‘on temir yo‘li loyihasini tezlashtirish va savdo uchun to‘siqlarni bartaraf etish muhimligi qayd etildi.
Samarqandda XXR raisini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar chog‘ida davlatlar rahbarlari o‘zaro hamkorlik hamda Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashdi. Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinni “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotladi. O‘zbekiston yetakchisi javob tashrifi bilan Xitoyga taklif qilindi.
O‘zbekistonda issiqxona tashkil etish uchun beriladigan kreditlar muddati 5−7 yildan 10−13 yilgacha uzaytiriladi. Qolaversa, tabiiy gaz iste’moli uchun to‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi. Vazirlar Mahkamasiga tegishli hujjat loyihasini oktabr oyigacha ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
SHHT sammitida ishtirok etish uchun Eron prezidenti Samarqandga tashrif buyurdi. Shavkat Mirziyoyev va Ibrohim Raisiy muzokaralar davomida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish, qolaversa, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashdi.
O‘zbekiston prezidenti BMT bosh kotibining siyosiy masalalar va tinchlikni barpo etish bo‘yicha o‘rinbosari Rozmari DiKarloni qabul qildi. Tomonlar Orol dengizi halokatining oqibatlarini yumshatish, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va afg‘on xalqiga ko‘maklashish borasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldi.
O‘zbekiston prezidenti shu hafta SHHT sammiti doirasida Samarqandda XXR raisi Si Szinpin, Eron prezidenti Ibrohim Raisiy hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazadi. Ular o‘zaro hamkorlikdan tashqari, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashadi.
Shu hafta Samarqandda o‘tadigan SHHT sammitida 30 dan ortiq hujjat imzolanishi kutilmoqda, dedi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov. Ular qatoridan Eronni tashkilotga kiritish uchun majburiyatlari, SHHTning kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha hamkorlari a’zoligini kengaytirishga oid hujjatlar o‘rin olgan.
O‘zbekiston prezidenti Afg‘onistonni “ShHT makonining ajralmas qismi” deb atadi. “Unga birgalikda yordam qo‘lini cho‘zish, mintaqaviy va global taraqqiyot jarayonlariga integratsiyalashuviga ko‘maklashish va shu orqali ko‘p yillik inqirozdan chiqishi uchun qulay sharoit yaratish — bizning ma’naviy burchimizdir”, — dedi u.
Shavkat Mirziyoyev SHHTning Samarqanddagi sammiti arafasida e’lon qilingan maqolasida xalqaro hamkorlikning universal prinsip va normalarga asoslangan tizimi izdan chiqib borayotganini ta’kidladi. U «global darajada ishonchning chuqur tanazzulga yuz tutayotganini» — asosiy sabablardan biri sifatida qayd etdi.
Shavkat Mirziyoyev qirol Karl III`ga yo‘llagan hamdardlik maktubida Yelizaveta II`ni 70 yildan ortiq vaqt davomida «mamlakat yaxlitligi va jadal rivojlanishining ramzi bo‘lib kelgan buyuk davlat arbobi edi» deb atadi.
Shavkat Mirziyoyev mamlakatdagi missiyasini yakunlayotgan AQSh elchisi Deniyel Rozenblyumni qabul qildi. Prezident Deniyel Rozenblyumning O‘zbekiston-AQSh strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishdagi hissasini qayd etdi.
Xitoyning Sichuan provinsiyasida sodir bo‘lgan 6,8 magnitudali zilzila qurbonlari soni 66 kishiga yetdi, 250 dan ortiq mahalliy aholi jarohatlandi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy raisi Si Szinpinga hamdardlik bildirdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali suhbatda Qo‘stanay viloyatidagi o‘rmon yong‘inlari oqibatlarini bartaraf etishda yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev bundan 6 yil avval vafot etgan Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘ydi. «Birinchi prezidentimizga hurmat o‘z tariximizga hurmat ifodasidir», — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Shavkat Mirziyoyev ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytdi. «Bu bizning millatga xos bo‘lmagan chidab bo‘lmas illat», — deya ta’kidladi prezident.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoni telefon orqali tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi, Belarus rahbari bunga javoban O‘zbekiston xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bilan qutladi.
Shavkat Mirziyoyev 12 nafar chet el fuqarosini «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi. Ular orasida Turkiya vitse-prezidenti, Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari vazirlari, AQSh va Ozarbayjon elchilari va boshqalar bor.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganchga yetib bordi. U sarkarda Jaloliddin Manguberdining 25 metrlik haykali ochilishida ishtirok etadi. Haykal bir necha oy avval o‘rnatilgandi, biroq shu davr ichida yopiq holda saqlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting